Rossiya foydasiga josuslik qilishda ayblanayotgan Bolgariya fuqarosi London sudida ko‘rsatma berdi

Jahon 19:50 1927

Buyuk Britaniya hukumati Rossiya foydasiga josuslik qilishda ayblagan bolgariyalik 30 yoshli Vanya Gaberova suddagi ko‘rsatmasida «Interpol uchun ishlayapman», deb o‘ylaganini ma’lum qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Old-Beyli sudida Gaberova josuslikda ayblanayotgan boshqa gumonlanuvchi — 43 yoshli Bizer Jambazov bilan munosabatlariga oid ayrim tafsilotlar haqida gapirdi. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, ular 2021 yil avgustda uchrashishni boshlagan, shundan keyin erkak unga «kuzatuv bo‘yicha topshiriqlar» berishni boshlagan.

Tibbiy kurer bo‘lib ishlagan Jambazov unga Interpol xodimining soxta guvohnomasini ko‘rsatgan. Shuningdek, u Gaberovaga politsiyaga ishga joylashishda yordam berishini aytgan. «Meni hibsga olishganida ham [2023 yil fevralda] nimadir noto‘g‘ri ekani haqida o‘ylamadim», — deydi Gaberova.

Shundan keyin u Gaberovaga Xristo Grozevning (bolgariyalik jurnalist) tergovini kuzatayotgani, u korrupsiyaga aloqador ekanini aytgan. 2021 yil 12 sentabr kuni ular birgalikda Valensiyaga uchib kelgan — Grozev ham shu yerda bo‘lgan. Gaberova aeroport avtoturargohida uni kuzatish bo‘yicha topshiriq olgan, so‘ng Grozev to‘xtagan mehmonxonagacha ortidan borgan.

Gaberova kuzatuv vazifasi tayyorgarlikdan o‘tmagan odamga topshirilganini nima uchun o‘ylab ko‘rmagani to‘g‘risidagi savolga quyidagicha javob qaytargan: «Jambazovda hamma narsaga javob bor edi». Xususan, uning aytishicha, «tayyorgarlikdan o‘tmagan odamlar kuzatuvni yaxshiroq eplarkan, chunki ular odamlar orasida ajralib turmaydi».

Rossiya foydasiga josuslik qilish ishi bo‘yicha olti kishi gumonlanmoqda. Gaberova va Jambazovdan tashqari, Katrin Ivanova, Tixomir Ivanchev, Orlin Rusev va Ivan Stoyanov. Ularga qarshi jinoiyat ishi ochilgani to‘g‘risida 2023 yil sentabrda ma’lum bo‘lgan.

Jambazov o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak Rusev boshqargan josuslik tarmog‘i tarkibida vazifalarni bajarib kelgan. O‘z aybiga iqror bo‘lgan Rusev Yan Marsalekka ishlaganlikda ayblanmoqda (Marsalek — Wirecard moliyaviy startapining sobiq bosh direktori, u kompaniya hisoblaridan 1,9 milliard yevro o‘g‘irlashda gumon qilinmoqda).

2024 yil dekabrda ishga aloqador shaxslar sudda The Insider asoschisi, rossiyalik jurnalist Roman Dobroxotovni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rganini ma’lum qilgan.

Gaberova kosmetolog bo‘lib ishlagan. U kiprik o‘stirish bo‘yicha mutaxassis.

Ko‘proq yangiliklar: