2025 yil 30 yanvar holatiga ko‘ra, Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlangan O‘zbekiston fuqarolari soni 23 nafarga yetdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, vafot etganlarning ikki nafari — ayol.
Bosh konsulxonaga ko‘ra, vafot etgan barcha fuqarolarning jasadlarini O‘zbekistonga olib ketish bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi tomonidan tegishli konsullik, huquqiy va tashkiliy yordam ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ba’zi vatandoshlar davolanish kursini yakunlab, shifoxonadan chiqqan, ayrimlari esa tibbiy muolajalarni davom ettirmoqda.
«O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ushbu masala bo‘yicha nazoratni davom ettirmoqda», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 15 yanvar kuni Bosh konsulxonaga 4 nafar fuqaroning qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilish natijasida vafot etgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushgandi. Keyinroq vafot etganlar soni 17 kishiga yetgani to‘g‘risida xabar berildi. Ba’zi O‘zbekiston fuqarolari zaharlangan bo‘lsa-da, uy sharoitida davolanishga harakat qilib, shifoxonaga bormagan holatlar ham aniqlangan.
Mazkur holatga aloqadorlikda ayblanib, ikki nafar Turkmaniston fuqarosi qo‘lga olingan va ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.