Meta kompaniyasi 2021 yilgi da’voni hal etish maqsadida AQSh prezidenti Donald Trampga 25 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Tramp ushbu da’voni Facebook va Instagram akkauntlari bloklangan vaqtda bergandi, deb yozadi The New York Times.
NYT ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 22 million dollar Trampning prezident kutubxonasini moliyalashtirishga sarflanadi, qolgan 3 million esa Tramp va sud jarayoniga qo‘shilgan boshqa shaxslarning yuridik xarajatlarini qoplashga mo‘ljallangan. Shu bilan birga, Meta da’vo doirasida hech qanday qoidabuzarliklarni tan olmaydi.
Qayd etilishicha, Meta’ning kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lishi «yirik texnologik kompaniya tomonidan sezilarli yonbosish va Tramp uchun g‘alaba hisoblanadi, u avvallari ijtimoiy tarmoq platformalarini senzura uchun tanqil qilgan».
Trampning Facebook va Instagramʼdagi akkauntlari 2021 yil 7 yanvarda — Kapitoliydagi tartibsizliklarning ertasi kuni bloklangan edi. Meta asoschisi Mark Tsukerberg platformalardan «demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatga qarshi zo‘ravonlik isyonini qo‘zg‘atishda» foydalanilganini bildirgan. O‘sha yilning yozida Tramp kompaniyani sudga bergan.
Trampning akkauntlari 2023 yil fevraldagina blokdan chiqarildi. Meta’ning global masalalar bo‘yicha prezidenti Nik Klegga ko‘ra, akkauntlar Donald Tramp 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirayotgani sabab blokdan chiqarilgan.
Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Tsukerberg AQSh prezidentining Floridadagi qarorgohiga borib, u bilan uchrashdi. Dekabr oyida Meta Trampning inauguratsiya jamg‘armasiga 1 million dollar xayriya qildi.
2024 yilning to‘rtinchi choragida Meta’ning daromadi 21 foizga oshdi. Mark Tsukerberg choraklik moliyaviy natijalar bo‘yicha investorlar bilan o‘tkazilgan telefon orqali suhbatda Tramp administratsiyasini Amerika texnologik kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlagani uchun maqtagan.