Qayd qilinishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax va Toshkent viloyatida bo‘sh turgan 3 ming 300 gektar yer tajriba tariqasida yangicha tartibda ijaraga beriladi. Bunda, konturlar 3 gektardan 50 gektargacha yaxlit holda savdoga qo‘yilib, 49 yilga ijaraga beriladi.
Eng muhimi, bu yerlar tuproq tarkibi va sifati tahlili, kafolatli suv limitini eng past va eng yuqori chegaralari ko‘rsatilgan holda auksionga qo‘yiladi. Bunda, nafaqat shu hududdagi, balki boshqa viloyatdagi tadbirkorlar ham qatnashib, yer olishi mumkin bo‘ladi. Auksion boshlang‘ich narxni pasaytirib borish va bir yo‘la to‘lash sharti bilan o‘tkaziladi. U yerlarning bir qismiga saqlash va qadoqlash quvvatlari qurishga ham ruxsat beriladi.
Kelgusi yildan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq hisoblash tartibi ham o‘zgaradi. Ijaraga berilgan yerning ball-boniteti oshsa, to‘lanadigan soliq o‘zgarmaydi, aksincha tushib ketsa, soliq stavkasi 3 karra oshadi.
Shavkat Mirziyoyev, qishloq xo‘jaligi, ball-bonitet
Yurtimizda eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlardan biri kartoshkadir. 290 ming gektarda ekilsa ham, ehtiyojning bir qismi importdan qoplanayapti. Nav va hosildorlik yaxshi emas. Shu bois Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish, “in-vitro” usulida yiliga 3 million dona tuganaklar yetishtirib, tarqatish vazifasi qo‘yildi.
Bu yil kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Chetdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi. 2027 yildan kartoshkaga ehtiyoj to‘liq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash uchun texnikalar yetkazib berish, dehqonlarga qulay lizing mahsulotlari taqdim etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari hududlardagi usta dehqonlar va tomorqa egalari bilan muloqot qildi. Ulardan biri – hovlisidagi issiqxonada yiliga 4 marta hosil olib, yuqori daromad topayotgan qoraqalpog‘istonlik Genjimurat Turdimuratov “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rildi.
Mutasaddilar va bank rahbarlari ushbu yangi tashabbuslarni joriy qilish, 1 million 500 ming aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha axborot berdi.