Alibaba Cloud kompaniyasi O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, deb xabar beradi Davlat soliq qo‘mitasi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, Alibaba Group (Alibaba.com) kompaniyasiga rasmiy so‘rov yuborilgan. 28 yanvar kuni Alibaba Cloud (Singapore) Private Limited bulutli hisoblash sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro kompaniyasi tax.uz QQS-ofisi orqali O‘zbekistonda ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar bo‘yicha QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda elektron shakldagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi chet el kompaniyalari jismoniy shaxslarga ko‘rsatilayotgan bunday xizmatlar bo‘yicha QQS to‘lovchisi hisoblanadi.
«Bugunga kelib O‘zbekistonda 65 ta chet el internet-kompaniyalari ro‘yxatdan o‘tgan», — deyiladi xabarda.
Alibaba Cloud — bulutli xizmatlar kompaniyasi bo‘lib, u Alibaba Group’ning shu’ba korxonasi hisoblanadi. Alibaba Cloud onlayn-biznes va Alibaba’ning elektron tijorat ekotizimlari uchun bulutli hisoblash xizmatlarini taqdim etadi.
Avvalroq O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar 2024 yilda qariyb 116 milliard so‘m soliq to‘lagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Meta kompaniyasi eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniyaga aylandi — 41,71 milliard so‘m. Undan keyingi o‘rinlarni Google (28,9 milliard so‘m) hamda Apple (27,3 milliard so‘m) kompaniyalari egallagan.