«Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:
- 2025 yilda go‘sht va sut ishlab chiqarish hajmining prognoz ko‘rsatkichlari;
- 2025 yilda parranda go‘shti va parranda tuxumi yetishtirish hajmining prognoz ko‘rsatkichlari;
- 2025 yilda hududlarda parrandachilik kooperatsiyasi tizimi asosida aholi bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlari;
- 2025 yilda parranda mahsulotlarini eksport qilishning prognoz ko‘rsatkichlari.
2025 yil 1 apreldan 2028 yil 1 yanvargacha chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan budjetga to‘langan QQSning 50 foizini har oyning 25 sanasigacha qaytarish tartibi joriy etiladi.
Parrandachilikning go‘sht va tuxum yo‘nalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 million aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha “Parranda boqish – daromad topish” loyihasi amalga oshiriladi.
Naslchilik korxonalari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘lash shaklidagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddati 2028 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.