Muhammad Deyf degan odam esingizda bo‘lsa kerak. HAMAS liderlaridan bo‘lgan bu qo‘mondon o‘tgan yil iyul oyida TSAHALning raketa zarbalari vaqtida halok bo‘lgandi. Isroil razvedkasi o‘sha zarba nishoni Deyf bo‘lganini hujum vaqtidayoq bildirgan, lekin uning o‘limi Isroil razvedkasi tomonidan kuzda tasdiqlangandi.
Muhammad Deyf kim ekanini bilmaydiganlar uchun qisqacha ma’lumot berib o‘tsak: HAMAS ichida Abu Xolid, ya’ni Xolidning dadasi deb chaqirilgan Deyf G‘azo tunnellar tizimi asoschilaridan biri hisoblanadi. U HAMASning Qassam nomli harbiy qanotini boshqargan va shu nomli raketalarini yaratishda ham ishtirok etgan. Deif uning laqabi bo‘lib, mehmon ma’nosini bildiradi. Bu nomni qo‘mondon doim Isroil ta’qibidan yashirinib yurgani uchun olgan. Birinchi intifoda vaqti HAMASga qo‘shilgan Deyf o‘shandan buyon harakatning ishonchli vakillaridan biri hisoblanadi.
HAMAS uning o‘limini tasdiqlamay kelayotgandi. Yahyo Sinvardan farqli o‘laroq, Isroil Deyfning jasadini topa olmagan. Shu bois isroilliklar u o‘ldi deb bergan xabari ham unchalik ishonarli chiqmagandi.
2025 yil 30 yanvarga kelib HAMAS o‘z yetakchilaridan bo‘lmish Muhammad Deyf o‘lganini rasman e’lon qildi. HAMAS so‘zchisi Abu Ubayda harakatning yetti nafar qo‘mondoni o‘ldirilganini e’lon qildi. Ro‘yxatda Muhammad Deyf birinchi o‘rinda turibdi. U HAMAS bayonotida Al Qassam brigadasi qo‘mondoni deb tanishtirilgan.
Abu Ubayda Deyfdan tashqari Marvan Issa, G‘ozi Abu Tama’a, Raid Tabet, Rafa Salama, Ahmad al Gandur hamda Ayman Novfal kabi qo‘mondonlar ham o‘lganini e’lon qilgan. Ularning aksari o‘ldirilgani haqida Isroil avvalroq xabar tarqatgan, lekin HAMAS xabarlarni tasdiqlamayotgandi.
HAMAS sahifasida e’lon qilingan xabarga 7 qo‘mondonning surati ham ilova qilingan, xususan, Muhammad Deyfning ham. Bungacha Deyfning surati hech qachon HAMAS tomonidan e’lon qilinmagandi. Harakat uning ishtirokida bir-ikkita intervyuga o‘xshash videolar chiqargan, lekin Deyfning yuzi berkitilgandi. Chunki u Isroil o‘ldirishni istagan asosiy hamaschilardan biri bo‘lgan.
Intrigani oshirgan video
Qizig‘i, shu kunlarda xuddi Yahyo Sinvarning yangi videolari kabi HAMASga aloqasi bor kanallarda Muhammad Deyfning ham avval hech qayerda ko‘rsatilmagan videolari paydo bo‘ldi. Unda qo‘mondon yuzi berkitilgan holatda G‘azo xaritasiga qarab qaysidir operatsiya rejasi haqida gapirgan.
Bu videodan keyin ko‘pchilik Deyf tirik deb o‘ylay boshladi, axir HAMAS uning o‘limini tasdiqlamagandi-da. Biroq Abu Ubayda barcha gumonlarga nuqta qo‘ydi va HAMAS liderlaridan bo‘lgan Abu Xolid o‘ldirilganini tasdiqladi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, HAMAS va Isroil kelishuvga erishganidan buyon HAMAS liderlarining yangi videolari tarqalyapti. Hali yana yangi narsalar chiqib qolsa kerak. Biz vaziyatni doimgidek diqqat bilan kuzatib boramiz.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.