Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda qayd qilinishicha, oxirgi uch yilda jismoniy shaxslar ko‘p qavatli uy qurish uchun auksiondan 47 gektar yer sotib olgan, lekin aksariyatida qurilish boshlanmagan.
Qurilishga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida bundan buyon ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishi belgilandi.
Hozirda 14 ming 775 ta ko‘p qavatli uylarga tutash yer mulkdorga biriktirilmagani uchun boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatishi kerak bo‘lgan hududlar chegarasi aniq emas.
Mutasaddilarga bu uylarga tutash yerlar chegarasini belgilash va egasiga biriktirish topshirildi.
Developerlar uyni topshirishdan oldin servis kompaniyalari bilan shartnoma tuzishini, ularni o‘qitishni tashkil etishini, qurilish xarajatlarining 2 foizini uy atrofida yashil hudud yaratishga yo‘naltirishini qonun bilan mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uy qurilishi hisob-kitob qilingan.
Bunga qo‘shimcha 15 ming xonadon Yangi Toshkentda barpo qilinadi va bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi.
Energiya barqarorligini ta’minlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt-soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.
Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan trigeneratsiya tizimi orqali bo‘ladi.
Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” talablar asosida bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari umuman barcha hududlarda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni bosqichma-bosqich “yashil energiya” uylariga aylantirish muhimligini ta’kidladi.
Buni rag‘batlantirish maqsadida quriladigan uy-joyni energiya bilan ta’minlash uchun quyosh elektr stansiyalari bilan shartnoma tuzgan developerlarga bunday uylar uchun foyda solig‘i olinmaydi, kredit stavkasi 2 foiz arzon qilib beriladi.
Natijada developerning xarajati kamayadi, undan uy olgan odamlarga esa elektr arzonroq bo‘ladi.
Bunday “yashil uylar” quradigan developerlarga xalqaro liniyalardan mablag‘ jalb qilish imkoniyatlari keskin oshadi.