23 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:31 / 23.01.2025 1128

Bog‘chada kobra o‘ynatganlarga ko‘rilgan chora, Toshkent bozorlaridagi kartoshka narxi, O‘zbekiston iqtisodiyotiga berilgan baho va asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirgan Markaziy bank — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Bog‘chada kobra o‘ynatganlarga chora ko‘rildi

Piskent tumanidagi 7-sonli bog‘chada bolalarga kobra bilan tomosha ko‘rsatilgan holat yuzasidan mas’ul shaxslarga chora ko‘rildi. Ma’lum bo‘lishicha, «Toshkent» havaskorlik sirki jamoasi dasturda hayvonlar bilan sahna ko‘rinishlari ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, sirk xodimi tomonidan xavfli jonzotlar bilan o‘yin tashkil qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda tomosha chog‘ida bolalar uchun xavfsizlik choralari ta’minlanmagani aks etgan. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi tuzib, holatni o‘rganib chiqdi. Xulosaga ko‘ra, e’tiborsizlik qilgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Shuningdek, ichki ishlar organlari ham bu holatni nazoratga olgan.

Ta’kidlanishicha, sirkchilar maktabgacha ta’lim muassasalariga tomoshalar namoyish qilish uchun ruxsat olgan bo‘lsa-da, dasturda hayvonlar bilan chiqishlar haqida ma’lumot berilmagan. Ushbu holat bolalarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgani uchun mas’ullarga chora ko‘rildi.

Kartoshkaning kilosi qanchadan bo‘lyapti?

Poytaxt bozor va do‘konlarida kartoshka narxlari bir oy ichida sezilarli oshdi. Farhod bozorida kartoshka 8-12 ming so‘mgacha sotilsa, Eski Jo‘va bozoridagi yarmarkalarda narx 4 ming so‘mgacha pasaygan. Ba’zi do‘kon va supermarketlarda esa narxlar 9-10 ming so‘m atrofida.

Eski Jo‘va bozori ma’muriyati Kun.uz muxbiriga arzonlashtirilgan kartoshka zaxiralari haqida ma’lumot berdi. Saidalixon Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, yarmarkada har kuni 5-6 tonna kartoshka sotilmoqda. Zaxiralar Samarqand, Surxondaryo va Kelesda shakllantirilgan. Shanba va yakshanba kunlari sotuv hajmi yanada oshib, aholi arzonlashtirilgan kartoshka bilan ta’minlanmoqda.

Qozog‘istonda kartoshka eksportini cheklash oqibatida O‘zbekistonda ham narxlar oshgani qayd etilmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi zaxiralar yetarli ekanini ma’lum qilgan, ammo narx oshib borishining aniq sabablari ochiqlanmagan. Kelgusi oylarda kartoshka narxlari yanada barqarorlashishi uchun vazirlik zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.

Jahon banki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini baholadi

Jahon banki iqtisodchilarining baholariga ko‘ra, O‘zbekiston YaIM o‘sishi 2024 yil oxirida 6 foizni tashkil etdi. Tashkilotning O‘zbekistonga 2025 yil uchun prognozi 5,8 foizni, 2026 yil uchun esa 5,9 foizni tashkil etadi.

Bu Jahon bankining global iqtisodiyot va alohida mintaqalar, jumladan, Yevropa va Markaziy Osiyo uchun tendensiyalar, prognozlar va xavflarni tahlil qiluvchi «Global iqtisodiy istiqbollar» hisobotida o‘z aksini topgan.

Butun Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida 2024 yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 3,2 foizgacha pasaydi, deya qayd etdi Jahon banki. Bu pasayish, asosan, Rossiya va Turkiyadagi iqtisodiy o‘sishning zaiflashishi bilan bog‘liq.

Xomashyo narxlarining pasayishi vaziyatni biroz yumshatdi, biroq mehnat bozorlaridagi keskinliklar, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasida ish haqiga bosim yuqoriligicha qolmoqda.

Ekspertlarning qayd etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlariga, xususan, Tojikistonga pul o‘tkazmalari hajmi barqarorligicha qolmoqda, bu esa aholining shaxsiy iste’moli darajasini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.

Asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldi

2025 yil 23 yanvarda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qarorga ko‘ra, umumiy inflatsiya darajasi pasayayotgan bo‘lsa-da, iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanmoqda. Markaziy bank inflatsiyaning uzoq muddatli 5 foizlik targetiga erishish uchun qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

2024 yil oktyabr oyidan inflatsiya pasayish trendiga o‘tgan bo‘lib, dekabr oyida 9,8 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 2024 yilda iste’mol savatidagi mahsulot va xizmatlarning narxlari o‘sishi 2023 yilga nisbatan sekinlashgani qayd etildi.

Xo‘sh, O‘zbekistonga qo‘shni va hamkor davlatlarda asosiy stavka necha foiz?

Qozog‘istonda noyabr oyi oxirlarida bazaviy stavka 14,25 foizdan 15,25 foizga ko‘tarilgan edi. Tojikiston va Qirg‘izistonda avgust oyidan buyon 9 foiz etib belgilangan. Markaziy Osiyoda eng past stavka Turkmanistonda — 5 foiz. U uzoq yillardan buyon o‘zgarmay keladi.

Uzoq hamkor davlatlardan Rossiyada 20 dekabr kuni asosiy stavka 21 foiz darajasida belgilangan. Ozarboyjonda, 7,5 foiz, Turkiyada esa naq 50 foiz. Urush bo‘layotgan Ukrainada xuddi bizdagi singari 13,5 foiz.

Asosiy stavka past davlatlar ham bor va ular asosan rivojlangan davlatlar. Masalan, Xitoyda bu 3,1 foiz, AQShda 4,75 foiz, Yevropada 4,25 foiz.

Ko‘proq yangiliklar: