Luvr direktori muzeyning avariyaviy holatda ekanidan shikoyat qildi

Jahon 00:06 503

Luvr direktori Lorans de Kar muzey binosi avariyaviy holatda ekanligi bois Fransiya Madaniyat vazirligiga murojaat qildi.

Muzey rahbari madaniyat vaziri Rashida Datiga yo‘llagan maktubida «Luvr xonalarining ahvoli haqida, ularning ayrimlari juda yomon holatda ekani» to‘g‘risida ma’lumot bergan.

De Karning so‘zlariga ko‘ra, xonalarning ayrimlariga suv o‘tish xavfi bor, boshqalarida esa harorat o‘ynab turadi — bu san’at asarlariga ziyon yetkazishi mumkin.

De Kar Luvr qimmat va texnik jihatdan murakkab kapital ta’mirga muhtoj ekanini ma’lum qildi. Luvr direktori muzey tashrif buyuruvchilar oqimiga bardosh bera olmay qolishidan xavotirini bildirgan. 2024 yilda Luvrga jami 8,7 million inson tashrif buyurgan — bu muzey xizmat ko‘rsatishi kerak bo‘lgan ko‘rsatkichlardan ikki barobarga ko‘p.

De Kar 2021 yilda Luvr direktori etib tayinlanganidan keyin u bir kunda muzeyga tashrif buyuradigan mehmonlar sonini 30 ming kishigacha cheklagan va ish vaqtini uzaytirgan. Shuningdek, u shisha piramidadan tashqari yana bir kirish yo‘lagini ochishni taklif qilgan, ammo bu qaror hozirga qadar amalga oshirilmagan.

Luvr – eng ko‘p tomoshabin tashrif buyuruvchi muzey bo‘lib, yiliga 10 million kishilik marrani bundan 10 yil muqaddam zabt etgan. Hozirga qadar ham biror muzey bunday ko‘rsatkich bilan maqtana olmaydi. Fransuz revolyutsiyasi tuzilgan 1793 yildayoq jamoatchilik uchun ochilgan bu maskan fransuz qirollarining saroyi va ma’muriy binolari jamlanmasi bo‘lgan. «Luvr» atamasining ma’nosi «Bo‘rilar o‘rmoni» degan ma’noni beradi. Saroy mana shu nomli o‘rmonda tiklangani bois atama muzeyga bog‘lanib qolgan.

Ko‘proq yangiliklar: