BMT bosh kotibi 2025 yildagi asosiy tahdidlarni sanadi

Jahon 21:13 / 22.01.2025 1760

2025 yilda yadroviy tahdid bilan bir qatorda ekzistensial tahdidlar qatoriga iqlim inqirozi va nazorat vositalariga ega bo‘lmagan sun’iy intellekt (SI) kiradi, dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

«Bugun biz katta e’tibor va harakat talab qiladigan ikkita yangi va chuqur tahdidga duch kelyapmiz (...) - iqlim inqirozi va sun’iy intellektdan foydalanishning nazoratsiz kengayishi», dedi u Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida (WEF).

Guterrishning ta’kidlashicha, yadroviy tahdid hamon ekzistensial tahdid bo‘lib qolmoqda, ammo endi «u yolg‘iz emas».

BMT Bosh kotibi insoniyatning qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramligini «hech kimni ayamaydigan Frankenshteyn yirtqich hayvoni» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, global haroratning oshishi tufayli butun dunyo bo‘ylab dengiz sathi ko‘tarilmoqda, harorat esa asosan qazib olinadigan yoqilg‘ilardan foydalanish hisobiga oshmoqda.

Guterrish butun dunyo hukumatlarini bu yil iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha yangi rejalarni taqdim etishga va’da berishga chaqirdi. Bu rejalar, BMT Bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvida belgilanganidek, global haroratning Tselsiy bo‘yicha 1,5 darajagacha oshishini cheklash maqsadiga mos kelishi kerak.

Shuningdek, BMT bosh kotibi to‘g‘ri nazorat qilinmaydigan SI haqida gapirdi.

«Sun’iy intellektdan aldamchilik quroli sifatida foydalanish mumkin. U iqtisod va erkin bozorlarni vayron qilishi, institutlarga ishonchni susaytirishi mumkin va uning jang maydoniga ta’sir o‘tkazish qobiliyati qo‘rqinchli», dedi Guterrish.

Shu munosabat bilan u sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha xalqaro hamkorlik nihoyatda muhim ekanini va bunday hamkorlik barcha mamlakatlar va odamlarning ushbu texnologiyadan foydalanishi va rivojlanishiga yordam berishini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: