2025 yilgi global xatarlar qaysi? Jahon iqtisodiy forumi hisoboti

Iqtisodiyot 21:25 / 23.01.2025 733

20-24 yanvar kunlari Shveytsariyaning Davos shahrida yigirmanchi bor Jahon iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tyapti.

Anjuman dunyo yetakchilarini “Aql-idrok asri uchun hamkorlik” mavzusida birlashtirib, unda asosiy e’tibor beshta yo‘nalishga qaratilmoqda: taraqqiyotni qayta ko‘rib chiqish, intellektual davrdagi sanoat, inson kapitaliga sarmoya, sayyorani himoya qilish va ishonchni tiklash.

Forum avvalida tashkilotchilar Global risklar hisobotining 2025 yilgi nashrini e’lon qildi.

Hisobot joriy global manzarani ochib beradi: barqarorlik va taraqqiyot tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy, ekologik, ijtimoiy va texnologik muammolar iskanjasida qolgan.

Bu yilgi so‘rov natijalariga ko‘ra, davlatlar darajasidagi qurolli mojarolar 2025 yil uchun eng dolzarb global xavf sifatida ko‘rilmoqda. So‘rovda qatnashgan respondentlarning deyarli to‘rtdan bir qismi uni eng jiddiy muammo deb baholadi.

Qasddan buzib talqin qilingan va noto‘g‘ri ma’lumotlar ketma-ket ikkinchi yil qisqa muddatli asosiy xavf bo‘lib qolmoqda: bu xavf jamiyat hamjihatligi va boshqaruviga doimiy tahdid soladi, ishonchga putur yetkazadi va mamlakatlar ichida bo‘linishni kuchaytiradi.

Boshqa asosiy qisqa muddatli xatarlarga ekstremal ob-havo hodisalari, ijtimoiy qutblanish, kiberjosuslik va urush kiradi.

Uzoq muddatli ekologik xavflar, ya’ni ekstremal ob-havo hodisalari, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va ekotizimning qulashi, Yer sistemalaridagi jiddiy o‘zgarishlar va tabiiy resurslar tanqisligi kabilar 10 yillik xatarlar reytingida yetakchilik qilmoqda.

Uzoq muddatli xatarlar sifatida dezinformatsiya, noto‘g‘ri ma’lumotlar va sun’iy intellekt texnologiyalarining salbiy ta’siri bilan bog‘liq texnologik xavflar qayd etilgan.

“Parchalangan tizimlar, mo‘rt kelajak”

Hisobotni shakllantirish uchun so‘rovlar 2024 yil sentabr va oktyabr oylarida o‘tkazilgan. Unda 900 dan ortiq global xavf-xatar bo‘yicha ekspertlar, siyosatchilar va sohalar rahbarlari ishtirok etgan. Hisobot kelgusi o‘n yillikdagi xatarlarning aniq kartinasini namoyon qiladi.

Respondentlar uzoq muddatli tinchlik istiqbollariga qisqa muddatga qaraganda kamroq optimizm bilan qarashyapti. Respondentlarning qariyb uchdan ikki qismi 2035 yilga borib, atrof-muhit, texnologik va ijtimoiy muammolarning ortib borayotgani sababli notinch yoki bo‘ronli global landshaftni kutmoqda.

Respondentlarning yarmidan ko‘pi ikki yil ichida qandaydir beqarorlikni kutmoqda, bu xalqaro hamkorlikka putur yetishini anglatadi. Uzoq muddatli prognozlar yanada katta qiyinchiliklarga ishora qiladi, chunki hamkorlik mexanizmlari borgan sari ko‘proq bosim ostida qolishi kutilmoqda.

Tengsizlik va ijtimoiy qutblanish kabi ijtimoiy xavflar ham qisqa muddatli, ham uzoq muddatli xavf reytinglarida muhim o‘rin tutadi. Noqonuniy iqtisodiy faoliyat, ortib borayotgan qarz yuklari va strategik resurslarning konsentratsiyasi bilan bog‘liq tashvishlarning kuchayishi kelgusi yillarda global iqtisodiyotni beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan zaifliklarni ko‘rsatmoqda. Bu muammolarning barchasi ichki beqarorlikni kuchaytirishi va boshqaruvga bo‘lgan ishonchni susaytirishi, global muammolarni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni yanada murakkablashtirishi mumkin.

“Mojarolardan tortib iqlim o‘zgarishigacha biz o‘zaro bog‘liq bo‘lgan inqirozlarga duch kelamiz, ular muvofiqlashtirilgan kollektiv harakatlarni talab qiladi”, deydi Jahon iqtisodiy forumining Global risklar tashabbusi rahbari Mark Elsner.

U ishonchni tiklash va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi harakatlar zarurligini ta’kidladi. “Harakatsizlikning oqibatini avlodlar ham sezishi mumkin”, – deya qo‘shimcha qiladi Elsner.

“Hal qiluvchi o‘n yillik: hamkorlik barqarorlik kaliti sifatida”

Bo‘linishlar chuqurlashib, parchalanish geosiyosiy va iqtisodiy manzarani qayta shakllantirar ekan, samarali global hamkorlik zarurati hech qachon hozirgichalik dolzarb bo‘lmagan.

Biroq ekspertlarning 64 foizi o‘rta va katta davlatlar o‘rtasidagi raqobat tufayli global tartib parchalanishi hamda ko‘p tomonlama munosabatlar jiddiy taranglikka duch kelishini prognoz qilyapti.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, kelgusi o‘n yillik liderlar uchun murakkab, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan xatarlarni boshqarish va mavjud boshqaruv tizimlaridagi cheklovlarni yengib o‘tish uchun burilish nuqtasi bo‘ladi.

Beqarorlik yuzaga kelishining oldini olish uchun ishonchni tiklash, barqarorlikni mustahkamlash va barcha uchun inklyuziv kelajakni ta’minlash uchun davlatlar muloqotga ustuvor ahamiyat berishlari, xalqaro aloqalarni mustahkamlashlari va hamkorlik tiklanishi uchun sharoit yaratishlari kerak.

Ko‘proq yangiliklar: