Yevropa Ittifoqining Kiyevga moliyaviy yordami 2025 yilda 35 mlrd yevroni tashkil qiladi

Jahon 14:27 715

Yevropa Ittifoqi qariyb uch yildan beri Rossiyaga qarshi mudofaa urushi olib borayotgan Ukrainaga 2025 yilda 35 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam beradi. Bu haqda 22 dekabr, chorshanba kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘ida Yevrokomissiya vitse-prezidenti, savdo bo‘yicha Yevropa komissari Valdis Dombrovskis ma’lum qildi. «Yevropa Ittifoqi G7 ERA va Ukraine Facility kreditlash tashabbusi orqali 2025 yil uchun 35 milliard yevro bilan moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda», deyiladi uning bayonotida.

Dombrovskis Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi arafasida Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yuliya Sviridenko bilan uchrashdi. «Biz kengayish masalalari va Yevropa Ittifoqining yagona bozori sari qadamlarni muhokama qildik», dedi Yevropa Ittifoqi komissari.

Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Yevropa Ittifoqi Ukrainaning eng yirik donoriga aylanib, Ukraine Facility doirasida 16,6 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatgan.

2025 yilda Ukraina uchun moliyaviy yordam

10 yanvar kuni Ukraina davlat budjetiga Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga mablag‘ berishni nazarda tutuvchi ERA tashabbusi doirasida Yevropa Ittifoqidan 3 milliard yevro tushgan edi. O‘sha kuni mamlakat bosh vaziri Denis Shmixal bu Yevropa Ittifoqidan olingan mablag‘larning birinchi qismi bo‘lib, Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadlar hisobiga ta’minlanganini ma’lum qildi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) 2025 yilda Ukrainaga 1,5 milliard yevro sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Infratuzilma va energetika xavfsizligi bankning mamlakatga kiritgan sarmoyalari uchun asosiy ustuvor yo‘nalish hisoblanadi, dedi YeTTBning Ukraina va Moldova bo‘yicha boshqaruvchi direktori Arvid Tuyerkner. Bundan tashqari, ustuvorliklar Ukraina xususiy sektori va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi barqarorlikka tegishli.

Ko‘proq yangiliklar: