Jahon | 11:30 / 28.01.2025
1392
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi davlatlari Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishga kelishib oldi

Yevropa Ittifoqi Kengashi yig‘ilishida Suriyaga qarshi sanksiyalarning bir qismini bosqichma-bosqich bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu mamlakatning yangi hokimiyati uchun kart-blansh emas, deya ogohlantirdi Bryussel va choralar qayta tiklanishi mumkinligini bildirdi.

Foto: Getty Images

Suriya prezidenti Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan yetti hafta o‘tib, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari mamlakatga nisbatan sanksiyalarni bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. YeI kengashining 27 yanvar, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Suriya bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi kelishib olindi, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.

Jazo choralari qayta tiklanishi mumkin

Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi cheklovchi choralarni yumshatish masalasida «tezkorlik bilan harakat qilishga tayyor», ammo Damashqdagi yangi hokimiyat «noto‘g‘ri qadamlar qo‘ysa» Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish qarori qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Kallas, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Damashqdagi missiyasi qayta tiklanishi mumkinligini ham ma’lum qildi.

Dpa qayd etganidek, sanksiyalar rejimini yumshatish orqali Yevropa Ittifoqi Suriyaning yangi hukumatiga demokratiyani barpo etish uchun imtiyozlar bermoqchi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi buning natijasida yuz minglab suriyalik qochqinlar vatanlariga qaytishiga umid qilmoqda.

O‘z navbatida, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barrot, birinchi navbatda, energetika, transport sektori va moliya institutlariga nisbatan jazolarni bekor etish taklif qilinayotganini ta’kidladi. Reuters xabariga ko‘ra, aviakompaniyalarga, jumladan, Syrian Arab Airlines'ga nisbatan sanksiyalar bekor qilinishi, neft embargosi ​​qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Mavzuga oid