Jahon | 08:30 / 25.01.2025
6790
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq teleboshlovchi Pit Hegset Pentagon rahbariga aylandi

Hegsetning AQSh mudofaa vaziri lavozimiga nomzodi unga nisbatan zo‘rlash bo‘yicha ayblovlar tufayli bahsli deb topildi. Senatdagi hal qiluvchi ovozni AQSh vitse-prezidenti Vens berdi.

Foto: AdMedia/Newscom/IMAGO

Jangovar harakatlar faxriysi va Fox News telekanalining sobiq boshlovchisi Pit Hegset AQSh mudofaa vaziri etib tayinlandi, deya xabar beradi jahon agentliklari 25 yanvar, shanba kuni ertalab.

Hegsetning nomzodi 2017 yil sentabrida sodir bo‘lgani taxmin qilingan zo‘rlash ishi yuzasidan ayblovlar tufayli bahsli deb topildi. Hegset o‘z aybini rad etadi.

Dpa agentligining xabar berishicha, AQSh Senatida Hegset nomzodi uchun «ma’qul» va «qarshi» ovozlar teng taqsimlangan. Bunday vaziyatda hal qiluvchi ovoz AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Devid Vensga tegishli bo‘ldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp mudofaa vaziri lavozimiga nomzodi haqida avvalroq shunday degandi: «Pit qattiqqo‘l, aqlli va haqiqiy vatanparvar». «Amerikaning dushmanlari oldindan ogohlantiriladi», dedi AQShning 47-prezidenti va «Amerika hech qachon ortga chekinmaydi», deya qo‘shimcha qildi.

Pit Hegset Guantanamo qamoqxonasida AQSh bazasida xizmat qilgan va Afg‘oniston va Iroqdagi kampaniyalar faxriysi hisoblanadi.

Mavzuga oid