Jahon | 12:06 / 13.02.2025
12614
10 daqiqa o‘qiladi

«2014 yilgi chegaralarga qaytish noreal». Pentagon rahbari Ukraina, NATO va tinchlikparvar kuchlar haqida

Foto: AP

 

Pentagonning yangi rahbari Pit Hegset AQShda hokimiyat almashganidan keyin birinchi marta Yevropaga keldi. Ukrainaga yordam berish guruhi yig‘ilishini u qat’iy bayonotlar bilan boshladi: diplomatik kelishuv natijasida Ukraina NATOga qo‘shilishi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi (xuddi mamlakat 2014 yilgi chegaralariga qaytishi kabi), Kiyevni asosan Yevropa qo‘llab-quvvatlashi kerak, AQSh esa e’tiborni Yevropa xavfsizligidan boshqa mintaqalarga qaratishni rejalashtirmoqda. Bu — hali Ukrainadagi urush taqdiri uchun muhim bo‘lgan haftaning boshlanishi: Yevropa shaharlarida bir vaqtning o‘zida bir nechta tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda, ularda AQShning yangi rasmiylari ilk bor NATO bo‘yicha ittifoqchilariga o‘z tashqi siyosat rejalari haqida shaxsan gapirib berishadi.

Ukrainaning NATOga a’zoligi masalasi

Bu hafta — ko‘p jihatdan Ukrainaning kelajagi uchun hal qiluvchi hafta — Pit Hegset Pentagon rahbari sifatida birinchi marta Yevropaga tashrif buyurdi. Uning bu boradagi birinchi tadbiri Ukraina bo‘yicha kontakt guruhi yig‘ilishi bo‘ldi — u ko‘proq «Ramshtayn» formati sifatida tanilgan. O‘nlab davlatlarni o‘z ichiga oluvchi ushbu birlashma 2022 yil bahorida AQSh tashabbusi bilan tashkil etilgandi. Aynan ushbu guruh doirasida Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha asosiy qarorlar qabul qilinadi.

Guruh yig‘ilishi Bryusselda NATO shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi. Birinchi marta uning raisi AQSh emasdi — bu rolni Vashingtonning iltimosiga binoan Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili o‘z zimmasiga oldi. Uchrashuvdan oldin Hegset jurnalistlar qarshisida so‘zga chiqdi va darhol bir nechta keskin bayonotlar berdi.

«AQSh Ukrainaning NATOga a’zoligini diplomatik kelishuvlarning real natijasi deb hisoblamaydi», — dedi u o‘z nutqi avvalida. Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatning NATOga to‘laqonli a’zoligi —xavfsizlikning yagona haqiqiy kafolati bo‘lishini bir necha bor ta’kidlagandi. Biroq, alyans Ukrainani taklif qilishga shoshilmadi va AQSh pozitsiyasi inobatga olinsa, endi bunday istiqbol chindan ham real bo‘lib ko‘rinmayapti.

2014 yilgi chegaralarga qaytish — imkonsiz

Pit Hegsetning mamlakatning 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralariga qaytish imkoniyati yuzasidan ham Ukraina uchun tasalli beradigan fikr aytmadi.

«Biz ham Ukraina suveren va farovon bo‘lishini istaymiz. Ammo tan olishdan boshlash kerak: Ukrainaning 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralariga qaytish — amalga oshirib bo‘lmaydigan maqsad. Ushbu xayoliy maqsadga intilish faqat urushni uzaytiradi va ko‘proq azob-uqubatlarga sabab bo‘ladi», — dedi Pentagonning yangi rahbari.

Hegsetning fikricha, urushni to‘xtatishga faqat «ittifoqchilar qudrati»ni jang maydonida sodir bo‘layotgan voqealarga «realistik baho berish» bilan birlashtirish orqali erishish mumkin.

«Prezident Tramp Amerika xalqi va ko‘plab yetakchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aytdi: jangovar harakatlarni to‘xtatish va mustahkam tinchlikka erishish — bu asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri. U Rossiya va Ukrainani muzokaralar stoliga o‘tqazib, bu urushni diplomatiya yordamida yakunlamoqchi. Pentagon bu borada yordam beradi», — dedi Hegset.

Donald Tramp mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish rejasi borligini bir necha bor ta’kidlagan, biroq uning ma’muriyati hozircha hech qanday tafsilotlarni oshkor qilmagan. OAVda rejaning bir qismi AQSh va Ukraina o‘rtasida tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha kelishuv, Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazish yoki hududlarni almashish bo‘lishi mumkinligi haqidagi farazlar paydo bo‘lgan.

Yordamning katta qismini Yevropa taqdim etishi kerak

Hegset Amerika tinchlikparvar kontingentini Ukrainaga yuborishni ham imkonsiz deb atadi: «Har qanday xavfsizlik kafolatlari doirasida ham amerikalik harbiylar Ukrainaga yuborilmaydi», — dedi u.

Pentagon rahbari xavfsizlik kafolatlari haqida gapirar ekan, ularni «Yevropaning va Yevropaniki bo‘lmagan kuchlar» ta’minlashi kerak, degan fikrni bildirdi. «Agar qachondir Ukrainada tinchlikparvar kuchlar joylashtirilsa, bu NATO missiyasi yoki kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi 5-modda doirasida bo‘lmasligi kerak», — deya qayd etdi u.

NATOning Yevropadagi a’zolari kelajakda Kiyevga yordamning katta qismini berishi kerak, dedi Hegset. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington o‘z ittifoqchilari bilan «muvozanatsiz munosabatlarga ortiq toqat qilmaydi».

«Yevropa xavfsizligini ta’minlash NATOning yevropalik a’zolari uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerak, — dedi u. — Buning bir qismi sifatida, kelajakda aynan Yevropa Ukrainaga ajalvor va ajalvor bo‘lmagan harbiy yordamning asosiy qismini berishi kerak».

Zelenskiy shu kunlarda Britaniyaning Guardian gazetasiga bergan intervyusida AQSh ishtirokisiz Ukraina xavfsizligi kafolatlarini ta’minlash mumkin emas, deb hisoblamasligini aytgandi. Xususan, Ukraina prezidenti Amerikaning Patriot zenit-raketa tizimi Yevropaning havo hujumidan mudofaa tizimlariga qaraganda samaraliroq ishlashini ta’kidladi. «Demak, hatto bu alohida holatdan ham taxminan ma’lumki, Amerika bo‘lmasa, xavfsizlik kafolatlari to‘liq bo‘lmaydi», —dedi Zelenskiy.

Bryusseldagi yig‘ilishga raislik qilayotgan Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili bunga javoban ittifoqchilar allaqachon Ukrainaga yordamni kuchaytirayotgani va Yevropa xavfsizligi uchun faolroq ishlayotgani — bu davom ettirilishini aytdi.

Hal qiluvchi hafta

Ukraina bo‘yicha Kontakt guruhi yig‘ilishidan so‘ng Pit Hegset 13 fevral kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan NATO mamlakatlari mudofaa vazirlari yig‘ilishida ishtirok etadi.

Keyingi kuni, 14 fevralda Myunxenda xavfsizlik bo‘yicha yillik konferensiya boshlanadi. U yerga Volodimir Zelenskiy ham boradi, Amerika delegatsiyasiga vitse-prezident Jyey Di Vens boshchilik qiladi (u urushni tezroq tugatish tarafdori).

Bundan tashqari, Myunxenga Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog kelmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, uning asosiy maqsadlaridan biri — yevropalik hamkorlarning nuqtayi nazarini eshitish va bir necha haftadan so‘ng AQSh prezidentiga mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha kelishuv parametrlarini taqdim etishdir.

Bu muzokaralar esa Oq uy va Kreml Ukrainadagi urushni yakunlashni faol muhokama qila boshlagani haqidagi xabarlar fonida bo‘lib o‘tadi. AQSh prezidenti Donald Tramp hatto ma’lum bir yutuqlarga erishilganini aytmoqda, ammo tafsilotlarga to‘xtalmayapti.

Buning fonida Yevropa, AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchilarining bir qismi va alyansning o‘zi tashkilot sifatida Ukrainadagi vaziyatni tartibga solishda ikkinchi darajali rol o‘ynashi haqidagi xavotirlar kuchaymoqda. Politico nashri yozishicha, Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari Ukraina taqdiri haqidagi gap-so‘zlardan chetda qolmaslik uchun o‘z strategiyasini o‘zgartirmoqda. NATOning sobiq yuqori martabali mulozimi Kamil Grand Yevropa davlatlari erishmoqchi bo‘layotgan vaziyatni shunday ta’rifladi: «Ular menyuda emas, balki [muzokaralar stolida] bo‘lishni xohlashadi».

Shu kunlarda NATOning yuqori martabali amaldori anonimlik sharti bilan BBC rus xizmatiga kelgusi hafta haqiqatan ham AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchilari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun juda muhim ekanini aytgandi. Uning tan olishicha, hozirda yevropalik hamkorlar haqiqatan ham Vashingtonning pozitsiyasi va rejalarini to‘liq tushunmayapti, «qarama-qarshi signallar» esa shundan chiqmoqda.

«AQSh — bu butun jumboqning juda muhim qismi. Bu alyansning umurtqa pog‘onasi, tiyib turish va mudofaaning asosiy kafolatidir. Yordam hajmi bo‘yicha Ukrainaning asosiy ittifoqchisi, — dedi u. — Ehtimol, shu hafta oxiriga borib, ular nimadan kelib chiqayotganini yaxshiroq tushunarmiz». BBC suhbatdoshi ta’kidlashicha, NATOga a’zo davlatlar Rossiyaning tinchlik shartlarini yakka o‘zi belgilashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte BBC’ning Moskva va Vashington o‘rtasidagi faol muloqot fonida AQShning boshqa ittifoqchilari chetda qolishidan qo‘rqmaysizmi, degan savoliga u shunday javob berdi:

«NATOning 50 foizidan ko‘prog‘ini AQSh tashkil etadi. Bitta ittifoqchi ittifoq kuchining yarmidan ko‘piga javob beradi. Shuning uchun bu ma’noda menda hech qanday xavotir yo‘q, chunki biz hammamiz birgalikda ishga jalb qilinganmiz. Hozir qanday muzokaralar ketayotgani haqida spekulyatsiya qilmoqchi emasman».

 

Mavzuga oid