Jahon | 12:30 / 04.03.2025
6965
8 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari Rossiyaga qarshi kiberhujumlarni to‘xtatishni buyurdi

Foto: Getty Images

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Rossiyaga qarshi kiberhujumlarni to‘xtatishni buyurdi, deb xabar bermoqda Amerikaning qator ommaviy axborot vositalari o‘z manbalariga tayanib. Buyruq tafsilotlari noma’lum, biroq jurnalistlar uni Rossiya va AQSh o‘rtasidagi hozirgi muzokaralar va Donald Trampning Rossiya-Ukraina urushida yarashuvga erishish istagi bilan bog‘lamoqda.

Hegset Rossiyaga qarshi kiberhujumlarni to‘xtatishga buyruq bergani haqida oxirgi bo‘lib New York Times gazetasi yozdi, ushbu nashr vaziyatdan xabardor bo‘lgan uchta anonim manbaga havola bergan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yangi ko‘rsatmalar AQSh kiberqo‘mondonligiga mamlakat prezidenti Donald Tramp jurnalistlar ko‘z o‘ngida Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan tortishib qolishidan oldinroq berilgan.

Bunday buyruq haqida birinchi bo‘lib The Record nashri xabar berdi. Uning xabarida Pentagon rahbari AQSh kiberqo‘mondonligi boshlig‘i general Timoti Hoga tegishli ko‘rsatmalar bergani aytilgan. U, o‘z navbatida, bu ko‘rsatmalarni tashkilotning operatsion direktori, dengiz piyodalari korpusi general-mayori Rayan Heritejga topshirgan.

Hegset buyrug‘ining tafsilotlari noma’lum.

Ammo Washington Post amaldagi va sobiq mulozimlarga tayanib yozishicha, kiberhujumlar AQSh va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar vaqtida to‘xtatilgan. Qo‘mondonlikka yangi ko‘rsatmalar «yaqin kelajak»da amal qilishi aytildi, deya xabar bermoqda The Record manbalari.

The Record manbalari, shuningdek, Kiberqo‘mondonlik Hegset uchun «xavflarni baholash»ni boshlaganini aytdi. Ushbu turdagi hisobot buyruq olinganini tasdiqlaydi, qaror natijasida to‘xtatilgan joriy missiyalarni sanab o‘tadi va Rossiyadan hali ham saqlanib qolayotgan tahdidlarni batafsil tavsiflaydi.

Pentagon izoh berishdan bosh tortgan. «Mudofaa vaziri Hegset uchun barcha operatsiyalarda, jumladan, kibermakondagi operatsiyalarda ham jangchilar xavfsizligidan muhimroq narsa yo‘q», — deyiladi vazirlik xabarida.

Nozik muzokaralar vaqtidagi odatiy amaliyot

Kiberhujumlar va kiberhimoya o‘rtasidagi chegara ko‘pincha noaniq bo‘ladi, deya ta’kidlaydi NYT o‘z materialida.

To‘xtatilgan kiberhujumlar urush akti sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan darajada tajovuzkor emas, deya tushuntirdi WP nashriga rasmiylar.

Masalan, Rossiya tarmoqlarida aniqlangan zararli dasturlarni AQShga qarshi ishlatishdan oldin fosh qilish yoki o‘chirib qo‘yish; hakerlarning o‘z hujumlari uchun tayyorlashi mumkin bo‘lgan serverlarga kirishini bloklash; yoki Amerikaga qarshi propaganda bilan shug‘ullanuvchi sayt faoliyatini buzish.

Pentagonning sobiq rasmiylari NYT va WP’ga aytishicha, nozik diplomatik muzokaralar chog‘ida harbiy operatsiyalarni to‘xtatish to‘g‘risida buyruq berilishi odatiy holat.

«Men boshqa davlat bilan har qanday muzokaralar chog‘ida, ayniqsa, biz uni dushman sifatida ko‘rib chiqayotgan bo‘lsak, biz operatsiyalarni, mashg‘ulotlarni to‘xtatishimizni va hatto ba’zida ommaviy chiqishlarni bekor qilishimizni ko‘p kuzatganman, — deya tushuntirdi WP’ga AQSh kiberqo‘mondonligi sobiq rahbari o‘rinbosari, general-leytenant Charli Mur. — Nazariy jihatdan muzokaralar jarayonini buzishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatni to‘xtatib turish odatiy holdir».

Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar — Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri birinchisi — 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyalarga ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari, Rossiya tomonidan Sergey Lavrov va Amerika tomonidan Marko Rubio boshchilik qildi.

Muzokaralardan keyin diplomatlar Moskva va Vashingtondagi elchixonalar faoliyatini qaytadan tashkil etish va Ukrainada ehtimoliy tinchlik bitimini muhokama qilish uchun jamoalar shakllantirishdan tashqari, Rossiya va AQSh prezidentlari uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish haqida ham gapirishdi. Biroq hozircha Trampning Vladimir Putin bilan muzokaralari sanasi belgilanmadi.

Nozik muzokaralar paytida kiberhujumlarni to‘xtatib turish odatiy hol, deydi sobiq mulozimlar. Foto: Reuters

Gap qanday hujumlar haqida gap ketishi mumkin?

Shu bilan birga, Rossiyaga qarshi kelajakdagi ehtimoliy kiberhujumlarni rejalashtirish to‘xtatilmagan, dedi shaxsi sir qolishini istagan sobiq mulozim WP nashriga. Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik agentligi (u ham general Ho tomonidan boshqariladi) Rossiyaga nisbatan kiberjosuslikni davom ettiradi, deb yozadi gazeta.

«Josuslik to‘xtatilmayapti, chunki ular sizni aldamayotganini bilishingiz kerak, — deb tushuntirdi nashr manbasi. — Rejalashtirish to‘xtamaydi, chunki muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda variantlar kerak bo‘ladi».

Biroq, uning fikricha, kiberhujumlarni vaqtincha to‘xtatish ham AQSh uchun xavf tug‘diradi.

«Risk nimada? Biz dushmanni ko‘zdan qochirmoqdamiz. Agar bu bir necha kun yoki hafta uchun qilinsa, buning hech qanday xavfli joyi yo‘q, agar bu bir necha oy yoki abadiyga bo‘lsa — bu jiddiy muammo bo‘ladi», — dedi sobiq mulozim.

Kiberxavfsizlik va infratuzilmani himoya qilish agentligining (CISA; idora AQSh Ichki xavfsizlik vazirligiga bo‘ysunadi) ba’zi mutaxassislaridan Rossiyaga emas, balki boshqa raqiblarga e’tibor qaratish so‘ralgan, dedi WP’ga vaziyatdan xabardor bo‘lgan xususiy sektor maslahatchisi.

Agentlik buni rad etmoqda. «CISA hamon AQShning muhim infratuzilmasiga, jumladan, Rossiyadan keladigan barcha kibertahdidlarning oldini olishga sodiq qoladi, — dedi WP’ga Ichki xavfsizlik vazirligi matbuot kotibi Trisha Maklolin. —  Bu tomondan bizning pozitsiya va ustuvor yo‘nalishlarimiz o‘zgarmadi».

AQSh va Yevropa davlatlari ko‘p yillardan beri Rossiyani kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi asosiy davlatlardan biri deb hisoblaydi.

Masalan, 2024 yil sentabrida AQSh Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (GRU)ning besh nafar zobitini Ukraina va NATO mamlakatlariga kiberhujumlar uyushtirishda ayblagan bo‘lsa, o‘sha yilning dekabrida Italiya politsiyasi rossiyaparast hakerlar guruhini Milan aeroportlari va mamlakat Tashqi ishlar vazirligi saytlariga hujumlarda ayblagandi.

Buyuk Britaniya hukumati aloqa markazi (GCHQ, britan elektron razvedkasi) 2024 yil dekabrda mamlakat Rossiya va Xitoydan kibertahdid xavfini yetarlicha baholamayotgani haqida ogohlantirgan edi.

Yozda Qilin hakerlari (bu Rossiyaga aloqador guruh) Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati patsiyentlarining ma’lumotlarini o‘g‘irlab ketishgandi.

Hegsetning buyrug‘i haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro taajjubdaligini bildirdi va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari doimiy ravishda Rossiya kiberhujumlari nishoniga aylanayotganini ta’kidladi. «Men buni [nega Hegset bunday qarorga kelganini] tushunishim qiyin», — deya uning so‘zlarini keltiradi Politico.

Mavzuga oid