Mehnat shartnomasini elektron shaklda ham tuzish mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston 14:41 / 25.01.2025 2073

Senat yalpi majlisida Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun ko‘rib chiqildi.

Mehnat kodeksida belgilangan xodim bilan tuziladigan mehnat shartnomasida ko‘rsatiladigan rekvizitlari tarkibidan STIR (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami)ni ko‘rsatish talabi chiqarib tashlanmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxs taqdim etishi kerak bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali so‘rab olishi belgilanmoqda.

Ushbu norma o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilishda ham tatbiq etiladi.

Mehnat shartnomasini elektron shaklda ham tuzish mumkinligi ko‘rsatilmoqda.

Har yilgi mehnat ta’tili vaqti uchun haq to‘lashda hamda mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lashda yakshanba kuni inobatga olinmasligi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, homiladorligi yoki farzandlari borligi bilan bog‘liq sababga ko‘ra ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish yoki ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: