Valensiyada norozilik namoyishiga chiqqan minglab ispanlar mintaqa rahbari Karlos Mazon hamda uning hukumati iste’fosini talab qildi. Ular yuzlab insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan suv toshqinlari vaqtida tezkor chora ko‘rmaganlikda ayblanmoqda.
Bu Valensiyada 2024 yil oktyabrdan beri o‘tkazilgan to‘rtinchi norozilik namoyishidir. Unga 25 mingga yaqin odam to‘plangan.
Karlos Mazon ispan jamiyatining ulkan bosimi ostida qoldi. Uning ma’muriyati tabiiy ofat to‘g‘risida aholini o‘z vaqtida ogohlantirmaganlikda ayblanyapti. Fuqarolarga ko‘ra, ular suv toshqini shahar ko‘chalarini egallab bo‘lganidan keyingina mobil telefonlari orqali favqulodda holat to‘g‘risida ogohlantirish xabarlarini olgan.
Konservativ Xalq partiyasi vakili bo‘lgan Mazon, shuningdek, tabiiy ofatga qarshi zudlik bilan chora ko‘rmaganlikda tanqid qilinmoqda.
Jabrlanganlarga birinchi bo‘lib ko‘ngillilar yordamga kelgan. Mintaqa kuchlari politsiya va harbiylarni jalb etgunga qadar bir necha kun o‘tib ketgan.
Mazon o‘z navbatida tabiiy ofat ko‘lamini oldindan aytib bo‘lmasligini va o‘z ma’muriyati markaziy hukumatdan yetarlicha ma’lumot olmaganini bildirgan. Oktyabr oyida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida 224 kishi halok bo‘lgan, minglab odamlar boshpanasiz qolgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 30 oktyabrga o‘tar kechasi Valensiyaning bir necha hududlarida bir necha soat ichida bir kvadrat metrga 300 litrdan ortiq yomg‘ir yog‘gan. Kichik Chiva qishlog‘ida bu ko‘rsatkich 1 kvadrat metrga 491 litr yomg‘irni tashkil etdi. Bu mintaqadagi yillik yog‘ingarchilikka to‘g‘ri keladi. Suv va loyning kuchli oqimlari ko‘priklarni buzdi va odamlarni, mashinalarni va hatto butun uylarni olib ketdi.
Suv toshqinidan katta zarar ko‘rgan Valensiya chekkasidagi Payporta shahrining yuzlab aholisi hukumat amaldorlarining tashrifi chog‘ida norozilik namoyishi o‘tkazgan, ba’zi namoyishchilar Ispaniya qiroli Filipp va qirolicha Letisiyaga loy otgan edi.