Rossiya qo‘shini bir hafta ichida Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi ikki muhim istehkomi vazifasini bajargan Velika Novosilka va Toretskni (ikkinchi shaharning sharqiy va g‘arbiy chekkalarida janglar davom etmoqda) egalladi. Uchinchi qal’a ham qulash arafasida. RF qurolli kuchlari Chasiv Yarning shimoliy va janubiy qismlarini egallab olgan, bu esa Ukraina qurolli kuchlarining shahar markazidagi ko‘p qavatli binolar vayronalarida joylashgan pozitsiyalari qulashiga olib kelishi mumkin. Xarkiv oblastidagi frontning Kupyansk uchastkasida rossiyalik harbiylar Oskol daryosi g‘arbiy sohilidagi platsdarmini kengaytirdi va endi uni ta’minotni yo‘lga qo‘yish va Kupyanskning o‘ziga yurish boshlash uchun RF hududi bilan bog‘lashga harakat qilmoqda.
Velika Novosilka va Kuraxovo
Rossiya qo‘shini Velika Novosilkani egalladi — bu Donbass janubidagi rayon markazidir. Posyolkadagi ukrain garnizonining asosiy qismi qariyb qurshov holatida qolganiga qaramay Mokriye Yali daryosi shimoliga chekinishga muvaffaq bo‘lgan. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari 110-mexanizatsiyalashgan brigadasining bir necha yuz jangchilari oxirigacha Velika Novosilkada qolishgan. 2024 yil boshida ushbu brigada bo‘linmalari Avdiyivkada qurshovga tushib qolib, og‘ir yo‘qotishlarga uchragandi.
Endi Rossiyaning mazkur hududdagi qo‘shini, so‘nggi hujumlariga qaraganda, bor e’tiborini Ukraina qurolli kuchlarining Kuraxovodan g‘arbdagi pozitsiyalarini bartaraf etishga qaratadi. Bu yerda RF qurolli kuchlarining shimoldan kelgan bo‘linmalari ukrain qismlari chekinishi uchun qolgan yagona yo‘l bo‘lmish Donetsk — Zaporijjya trassasi yaqinidagi Andreyevka qishlog‘iga kirishgan. Boshqa guruh esa ushbu yo‘lga janubdan yaqinlashib kelmoqda. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari Kuraxovo atrofini tark etib, g‘arbga ketishga majbur bo‘ladi.
Shunda ham Ukrainaning Kuraxovo guruhi qamal xavfidan forig‘ bo‘la olmaydi: tez orada yanada g‘arbroqda (Bogatir qishlog‘i hududida) Velika Novosilkadan chiqqan rus qo‘shini ham Donetsk — Zaporijjya trassasiga yetib keladi.
Pokrovsk
RF qurolli kuchlari Pokrovskdan g‘arbdagi yurishini davom ettirmoqda — bu Donbass markazidagi yirik shahar (urushga qadar atrofdagi hududlar bilan birga 150 mingga yaqin kishi yashagan).
Rossiya qo‘shini Pokrovsk g‘arbidagi sanoat zonasining katta qismini nazorat ostiga olgan. Kotlino va qo‘shni shaxtalar, shuningdek Udachnoye posyolkasining bir qismi egallagan. Udachnoyedan shimolroqda Ukrainadagi eng yirik koksko‘mir koni joylashgan, bu yerda mamlakat metallurgiya sanoati ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan ko‘mirning uchdan ikki qismi qazib olinadi.
Rossiya qo‘shinining keyingi nishoni — shaharni mamlakatning markaziy qismi bilan bog‘lovchi Pokrovsk — Dnipro yo‘lidir. RF qurolli kuchlarining ilg‘or bo‘linmalari trassadan besh kilometr masofada turibdi.
Toretsk va Chasiv Yar
Toretsk shahri (ma’muriy chegaralari bo‘yicha) deyarli to‘lig‘icha rus qo‘shini tomonidan ishg‘ol etilgan. RF qurolli kuchlari shahar shimolidagi «Dzerjinskugol» ko‘mir kompaniyasi konlaridan birining binolarini egallab olgan. Bu yerdan Konstantinovka tomon yo‘l ochiladi. Bu yo‘lda faqat yana bir kon qolgan.
RF qurolli kuchlari Toretskning g‘arbiy chekkasi hisoblangan Krimskiyning bir qismini egallab olgan. Bu yerda «Toretskaya» koni hududida janglar davom etmoqda.
Shahardan sharqda Rossiya qo‘shini Toretskning boshqa bir yo‘ldoshi — Shcherbinovka posyolkasidagi nazorat hududini sezilarli darajada kengaytirgan.
Shu tariqa, Toretsk uchun ko‘p oylar davom etgan janglar ukrainlarning qattiq qarshilik ko‘rsatishiga qaramay RF qurolli kuchlari g‘alabasi bilan yakunlanmoqda. Buyog‘iga Rossiya qo‘shini Kleban-Bik suv ombori va Konstantinovka yo‘nalishida yurish qilishga harakat qilib ko‘radi. Bu hududga tez orada Chasiv Yar uchun janglardan bo‘shaydigan kuchlar ham kelishi mumkin.
Chasiv Yar shimolini egallagan RF qurolli kuchlari uning janubiy qismida — Shevchenko mikrorayonida hamda Stupochki qishlog‘ida ham yurish boshladi. Ko‘p o‘tmay shahar markazi (aniqrog‘i, uning ko‘p qavatli binolari xarobalari) uch tomondan o‘rab olishi mumkin, bu esa shaharda qolgan ukrain kuchlari mudofaasini maksimal darajada og‘irlashtiradi.
Kupyansk
Rossiya qo‘shini Oskol daryosi g‘arbida, Kupyansk shimolidagi platsdarmni kengaytirdi. Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi kuchsizlashgani bunga imkon bergan: bu uchastkada RF qurolli kuchlariga Ukraina qurolli kuchlari hududiy mudofaa kuchlarining birgina brigadasi qarshilik ko‘rsatmoqda.
RF qurolli kuchlari g‘arbiy sohildagi Dvurechnaya posyolkasining katta qismini, shuningdek, Novomlinsk qishlog‘ining bir qismini va uning atrofidagi tepaliklarni egallagan.
Kupyanskka yaqinroq joylashgan Zapadnoye qishlog‘idagi kichikroq platsdarm ham kengaytirilgan.
Katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘mondonligi platsdarmlarni RF hududi bilan birlashtirishga harakat qiladi: Novomlinskdan chegaragacha masofa 12 kilometrni tashkil etadi. Bu platsdarmga «quruqlik orqali» og‘ir texnika va artilleriyani olib o‘tish uchun ham kerak. Platsdarmdagi yirik bo‘linmalarga suvga to‘lib oquvchi daryo orqali ponton kechuv vositalari orqali texnikalar yetkazib berish deyarli imkonsiz: Ukraina qurolli kuchlari ponton kechuvlar bo‘ylab muntazam ravishda zarbalar yo‘llaydi — jumladan, HIMARS raket baravar o‘t ochish reaktiv tizimi raketalari bilan ham.