Dunyoning eng badavlat insonlaridan biri hisoblanuvchi milliarder Ilon Mask so‘nggi haftalarda AQSh tashqarisida muhokama markazida bo‘lib turgan Amerika siyosatchilaridan biriga aylandi.

Gap bu yerda uning omma oldidagi chiqishlarida natsistlardek qo‘l ko‘tarib Donald Trampni qo‘llashidagina emas. Mask Yevropadagi voqealar bo‘yicha qanaqa davriylik va qiziqqonlik bilan chiqish qilayotganida.
Keyingi o‘n yillikda Yevropa yetakchilari demokratik jarayonlarni Rossiyadan kelayotgan populistik partiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on axborot tarqatish va saylovlarga aralashish kabi gibrid tahdidlardan qanday himoya qilish masalasini muhokama qilib keldi, tahdidlarga qarshi kurashish yo‘llarini izlashdi.
Biroq, Ilon Mask xuddi shu uslublarni MEGA — Make Europe Great Again («Yevropaga buyukligini qaytarish») shiori ostida ishlatishni boshlaganda, Yevropa muayyan chigallikka tushib qoldi. U bu tamoyilni Trampning mashhur MAGA (Make America Great Again) kampaniyasidan olib, o‘zining Yevropa uchun strategiyasiga tatbiq etdi.
BBC Ilon Mask Britaniya va Yevropa Ittifoqi davlatlarida hokimiyat o‘zgarishiga nega intilayotgani va yevropalik yetakchilar bunga qanday javob qaytarayotgani kabi savollarga javob izladi.
Germaniya va Britaniya uchun muqobil
O‘tgan haftaning shanba kuni Ilon Mask Germaniyaning muxolifatdagi natsistik va ultrao‘ng sanaluvchi «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasining saylovoldi mitingida videomurojaat orqali ishtirok etdi. Uning yetakchilari hokimiyatga kelgan taqdirda, nafaqat noqonuniy muhojirlarni, balki ba’zi qonuniy rezidentlarni va hatto chet eldan kelgan nemislarni ham deportatsiya qilishni va’da qilmoqda.
Galle shahrida katta ekran orqali nutq so‘zlagan Mask ushbu partiyaga ovoz berishga chaqirdi. U nemislar o‘z milliy madaniyati va qadriyatlarini himoya qilishi kerakligini ta’kidlab, ularni «multimadaniyat yo‘lida yo‘qolish» ga yo‘l qo‘ymaslikka da’vat etdi.

«Bolalar o‘z ota-bobolarining gunohlari uchun aybdorlik his qilmasligi kerak, bobokalonlari va momokalonlar haqida-ku umuman gapirmasa ham bo‘ladi», — dedi Mask. Bu so‘zlar nemis xalqining natsizm jinoyatlari uchun mas’uliyati haqidagi bahslarga ishora qilgani tufayli nafaqat liberal tanqidchilarni, balki uning ba’zi tarafdorlarini ham tashvishga soldi. Amerikalik respublikachi senator va Donald Trampning yaqin safdoshlaridan biri Lindsi Grehem ham CNN orqali chiqish qilib, Maskning bu so‘zlarini xavfli deb atadi. Uning ta’kidlashicha, ayniqsa, Osvensim konslageri ozod qilinganining 80 yilligi arafasida tarixni qaytadan yozishga urinish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Xo‘sh, Janubiy Afrikada tug‘ilgan amerikalik milliarder nega to‘satdan Yevropa bilan qiziqib qoldi? Holbuki u uzoq vaqt davomida o‘zini siyosatdan uzoq tutgan. Yaqin-yaqingacha u demokratlarni qo‘llab-quvvatlab kelgan: 2016 yilgi saylovlarda Hillari Klintonga, 2020 yilda esa Jo Baydenga ovoz bergan.
Biroq so‘nggi bir yil ichida Mask Silikon vodiysidagi eng siyosiy faol tadbirkorga aylandi. U Donald Trampning saylovoldi kampaniyasiga chorak milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflab, uning yaqin safdoshlaridan biriga aylandi. Shuning ortidan u Yevropaga ham e’tibor qaratdi va bu yerda ham o‘ng populistlar, migratsiyaga qarshi bo‘lgan siyosatchilar hamda so‘l liberal mafkuralarga qarshi chiquvchilar hokimiyatga kelishini istamoqda.
Mask Yevropaning ko‘plab davlatlarida o‘z idealini ko‘radi. Oxirgi o‘n yillikda o‘ngchi va populistik partiyalar ko‘proq saylovchilar ishonchini qozonib, milliy va mahalliy saylovlarda g‘alaba qozonmoqda. Ayrim yetakchilar allaqachon u bilan do‘stlashib ulgurdi. Masalan, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Maskni «daho» deb atagan.
Biroq Yevropaning eng yirik ikki iqtisodiyoti — Germaniya va Britaniya hali ham umumiy trendga to‘liq bo‘ysunishdan bosh tortmoqda. Bu esa Ilon Maskni jiddiy jahllantirmoqda. Oxirgi oyda bu ziddiyat yangi bosqichga chiqdi. Yil boshida Mask 23 fevralda Germaniyada o‘tadigan muddatdan avvalgi parlament saylovlarida saylovchilarni «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasiga ovoz berishga chaqirdi. Ushbu partiya kansler Angela Merkelning uzoq yillik hokimiyatiga qarshi reaksiya sifatida shakllangan bo‘lib, unda status-kvoga qarshi turli kuchlar, jumladan, ultrao‘ngchilar va hatto neonatsistlar jamlangan.
Mask bu ta’riflarni rad etib, ushbu partiyani sog‘lom fikr partiyasi deb atadi. Uning fikricha, partiya noqonuniy migratsiyani to‘xtatish, biznes rivojiga yordam berish va Merkel davrida qabul qilingan atom elektr stansiyalariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilib, arzon hamda toza energiya manbalarini yaratishni maqsad qilgan.
«GuMni ultrao‘ngchi deb atash mutlaqo noto‘g‘ri. Partiya yetakchisi Alis Vaydel shrilankalik hamjinsi bilan birga yashaydi. Bu Hitlerga o‘xshaydi deb o‘ylaysizmi? Iltimos, jiddiy bo‘laylik», — deb yozgan Mask Die Welt gazetasidagi kolonkasida.
Yanvar oyi o‘rtalarida u Alis Vaydel bilan o‘ziga tegishli X platformasida jonli efir o‘tkazdi. Efir davomida ular o‘zaro hamfikrlik mavzularini urg‘ulagan holda, muammoli masalalarni chetlab o‘tishga harakat qilishdi. Milliarder Germaniyadagi status-kvoga qarshi kurashayotganini ta’kidlar ekan, Tesla’ning Berlin yaqinidagi zavodini qurishda uchragan murakkab byurokratik jarayonlar haqida gapirdi.
Ammo Mask ham, Vaydel ham aynan GuM ushbu zavod qurilishiga qarshi chiqqaniga to‘xtalmadi.
Amerikalik milliarderning Germaniyadagi saylovlarga aralashuvi nemis siyosatchilarini larzaga soldi. Turli partiya vakillari qattiq norozilik bildirib, bunga «demokratik jarayonlarga iznsiz tashqi aralashuv» deb baho berishdi.

Britaniyada leyboristlar hukumati va shaxsan bosh vazir Kir Starmerga qarshi muntazam hujumlariga qaramay, Maskning mahalliy siyosatga aralashuviga boshida falsafiy yondashilgan edi. Biroq, so‘nggi bir oy ichida Mask Britaniya hukumatini unga javob qaytarishga majbur qildi. Gap shundaki, u X ijtimoiy tarmog‘ida keng ko‘lamli kampaniya orqali mamlakatdagi eng dolzarb mavzuga aylanishga erishdi — Angliya shimolidagi kam ta’minlangan va ijtimoiy jihatdan nochor oilalardan chiqqan minglab qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan etnik jinoiy guruhlar mavjudligi oshkor bo‘lgan eski mojaroni qayta ko‘tardi.
Faktlarni buzib ko‘rsatib va noto‘g‘ri talqin qilib, Mask Starmerni bu qo‘shmachi zo‘ravonlarga yordam berishda aybladi hamda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Jyess Filipsni «jinsiy tajovuz orqali genotsidning himoyachisi» deb atadi. Bu ayblovni u Filipsning mazkur mojaro yuzasidan yangi milliy tekshiruv o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamagani bilan asosladi – chunki bunday tekshiruv avvalroq o‘tkazilgan edi.
Britaniyada ham ko‘plab kishilar Maskning mamlakat ichki ishlariga aralashuvidan norozi bo‘ldi, ammo u ko‘targan mavzu gazetalarning birinchi sahifalaridan tushmadi. Natijada, hukumat beshta shaharda alohida surishtiruv o‘tkazishga qaror qildi. Shuningdek, o‘tmishdagi jinoyat ishlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha umummilliy audit e’lon qilindi. Unda jinoyatchilar va jabrdiydalarning etnik tarkibi hamda ushbu jinoyatlarning madaniy sabablari o‘rganiladi.
Innovatorlikdan targ‘ibotchilikkacha
Tadbirkorning mojaroli siyosatchiga aylanish jarayoni koronavirus pandemiyasi davrida boshlangan. Mask lokdaun paytida Tesla zavodlarini yopmaslikka harakat qilgan va bu uni liberal meynstrim bilan to‘qnashtirgan. Ko‘p o‘tmay, u boshqa bir virus — «woke mind virus» («uyg‘oq ong virusi»)ga qarshi urush e’lon qildi. U bu iborani siyosiy farosatlilik, ijtimoiy adolat, irqchilikka qarshi kurash hamda LGBT huquqlarini qo‘llab-quvvatlash g‘oyalarini tanqid qilishda qo‘llay boshladi.
2022 yil yoz oyida uning o‘g‘li Ksavyye Mask o‘z jinsini o‘zgartiradi va Vivian Jyenna Uilson deb nomlanadi. Bu o‘zgarish otasi bilan munosabatlarni uzishga olib keladi. Uolter Ayzeksonning fikricha, bu voqea Maskning so‘l liberal qarashlarga qarshi faoliyatini yanada tezlashtirgan.
Bir necha oy o‘tib, u Twitter’ni 44 milliard dollarga sotib oldi va o‘ziga mosladi, hozirda uni X deb nomlamoqda. Biroq, Maskning sobiq do‘sti, neyrobiolog va bloger Sem Harrisga ko‘ra, aslida ijtimoiy tarmoq Maskni o‘zgartirgan.
Twitter’ning sobiq top-menejeri Bryus Deysli esa Financial Times nashriga shunday izoh bergan: «Mask — o‘z platformasi tomonidan radikallashtirilgan birinchi texnologik lider».
Maskning biografi Ayzekson tadbirkor bolalikda olgan jarohatlarni qoplashga harakat qilgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surmoqda — va Twitter’ni sotib olish u uchun bir vaqtlar o‘zini masxaralashgan «qumloq»ni egallab olishga o‘xshaydi. Ammo boshqa kuzatuvchilar Maskning siyosatga kirib kelishida hech qanday noyob jihat yo‘q, deb hisoblaydi.
«Kompaniya rahbarlari odatda maddohlar bilan o‘ralgan bo‘ladi. Ular doimo o‘zlarining daho ekanini eshitib yurishadi», — deydi BBC’ga bergan intervyusida britaniyalik kolumnist Nik Koen.
«Ko‘plab boylar ularda faqat biznes qudrati emas, balki siyosiy hokimiyat ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylay boshlashadi».
Ammo Maskning tanqidchilari ham, unga xayrixohlar ham uning so‘nggi siyosiy aralashuvlarini Donald Tramp bilan ittifoqidan alohida ajratib ko‘rib bo‘lmasligini ta’kidlashmoqda. Bu ikki tadbirkor va siyosatchining tandemigina emas, ikki mafkura uyg‘unligi hamdir.
Britanlik konservativ tahlilchi Tom Makteyg fikricha, Mask trampizmni AQShning yo‘qotilgan buyukligi haqidagi mavhum gap-so‘zlardan hozirgi dunyo muammolariga aniq mafkuraviy javob beradigan qarashga aylantirdi.
Trampga xos avvalgi Amerikaga bo‘lgan nostalgiyaga «maskizm» qo‘shildi — unda Marsni egallab olish va cho‘chqalar miyasiga mikrochip o‘rnatib «superaqlli ong» yaratish kabi g‘oyalar mujassam.
Amerikalik liberal tarixchi Timoti Snayder ham tadbirkorning Tramp bilan ittifoqini Maskning siyosiy harakatlarini tushuntiruvchi asosiy omil deb hisoblaydi. Biroq, u Mask ideologiyasini «texnofashizm» deb ataydi va «Tramp-Mask rejimi»ni «Trampomaskoviya» (Trumpomuskovia) deb nomlashni taklif qiladi.
Boshqa tahlilchilar esa Mask qo‘llab-quvvatlagan turli mamlakatlardagi barcha siyosatchilarni birlashtiradigan omil — islomga bo‘lgan nafrat ekanini ta’kidlashmoqda. Shotlandiyaning sobiq birinchi vaziri Hamza Yusuf o‘z maqolasida milliarder islomofob ekanini tushuntirgan.
Britaniyada o‘ng siyosatchilar orasida Mask ayniqsa Tommi Robinsonga hurmat bilan qaraydi. Robinson islomni fashizm va natsizm bilan tenglashtirgan, deb ta’kidlaydi Yusuf.

Niderlandiyada esa Mask Gert Vildersni qo‘llab-quvvatlaydi. Vilders Qur’onni taqiqlash va masjidlarni yopishni talab qilgan. Germaniyada u «Germaniya uchun muqobil» partiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, bu partiyaning saylovoldi dasturida «Islomga Germaniyada o‘rin yo‘q», deb nomlangan bo‘lim bor.
Shotlandiyalik siyosatchi va amerikalik tadbirkor ancha vaqtdan beri internetda o‘zaro tortishib keladi. Mask Yusufni «irqchi isqirt» deb atagan, sababi tarqalgan videolaridan birida Yusuf Shotlandiyadagi irqchilik haqida gapirgan, ammo Mask uning so‘zlarini «oq tanlilarning haddan tashqari ko‘pligi» haqidagi arz sifatida talqin qilgan.
Korporatsiyalarning diviziyasi nechta?
Maskning siyosiy faoliyatini uning biznes manfaatlaridan ajratib bo‘lmaydi. U qo‘llab-quvvatlayotgan o‘ngchi va populist partiyalar soliqlarni kamaytirish, nazoratni bekor qilish va davlatning biznes ishlariga aralashmasligini va’da qilmoqda. Ammo u qarshi chiqqan siyosatchilar – Britaniya, Germaniya rahbarlari va Yevropa Ittifoqi byurokratiyasi – esa, aksincha, amerikalik IT-gigantlar ustidan o‘z yurisdiksiyalarida nazoratni kuchaytirish va soliq hamda jarimalarni oshirish niyatida.
Yevropa Ittifoqining «Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni» (DSA), jumladan, dezinformatsiyaga qarshi kurashning yetarli darajada olib borilmayotgani uchun AQSh texnologiya gigantlariga milliardlab yevro jarima solishi mumkin. Biroq, feyk xabarlar bilan kurashish – ijtimoiy tarmoq egalari uchun moliyaviy jihatdan befoyda. Chunki bu katta mablag‘ talab qiluvchi faktchekerlar ishga olinishini talab qiladi. Shu bilan birga, kontent haqqoniyligi ijtimoiy tarmoqlarning biznes modeliga ta’sir qilmaydi — ular uchun muhimi foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqda ko‘proq vaqt o‘tkazishi. Bu maqsad yo‘lida feyk yangiliklar ham haqqoniy yangiliklardan aslo farq qilmaydi.
Financial Times tahlilida qayd etilishicha, Facebook o‘zining faktchekerlar bilan hamkorligini to‘xtatish haqida e’lon qilganida, Mark Tsukerberg «Prezident Tramp bilan birgalikda butun dunyo bo‘ylab hukumatlar harakatlariga qarshi kurashish» rejasini ma’lum qilgan. 2024 yil noyabrida Meta kompaniyasi Yevropa Ittifoqining raqobat qoidalarini buzgani uchun 800 mlrd yevro jarimaga tortilgan edi.
Mask bilan bog‘liq vaziyatda esa ko‘plab ekspertlar Braziliya hukumati unga qanday saboq berganini ta’kidlashadi. Mask mahalliy regulyator talablarini inkor etishga uringan, lekin hukumat bosimi ostida bu talablarga bo‘ysunishga majbur bo‘lgan.
Biroq X Maskning asosiy biznesi emas; u o‘z kapitalini asosan Tesla elektromobillari va SpaceX kosmik korporatsiyasi orqali orttirgan. Do‘stona siyosatchilarning hokimiyat tepasiga kelishi bu borada ham foydali omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zini Maskning do‘sti deb ataydigan Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Italiya hukumati, diplomatlari va mudofaa idoralari uchun xavfsiz aloqa tizimini ta’minlash borasida Starlink bilan muzokaralar o‘tkazayotganini oshkor qildi. Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shartnoma qiymati 1,5 mlrd dollardan oshishi mumkin.

Davlat korporatsiyadan ustunmi?
Zamnoviy siyosatshunoslarning asosiy xatolaridan biri – hokimiyat korporatsiyalarda, davlat esa ularga bo‘ysunadi, degan fikrga ishonish, deydi BBC’ga bergan intervyusida siyosiy sharhlovchi Nik Koen.
«Alaloqibat, hokimiyat davlatga tegishli. Tomas Gobbs aytganidek, davlat hamon Leviafan», – deb ta’kidlaydi Koen XVII asrdagi ingliz faylasufining davlat kuchini Injildagi Leviafan maxluqi bilan taqqoslashini eslatib.
Koen Rossiyaning eng yangi tarixi bilan buning isboti, deydi Nik Koen. 2000 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Putinni oligarxlar nazorat qilishni o‘ylagan. Oqibatda, ular nafaqat boyliklari, balki jonlari ham uning qo‘lida ekanini anglashgan. Koenga ko‘ra, Maskning Braziliya hukumati oldida taslim bo‘lishi ham davlat kuchining yana bir dalili.
Biroq hozir Mask tomonda AQSh davlatining vazni turibdi. Prezidentlik saylovlari jarayonida vitse-prezidentlikka nomzod Jyey Di Vens Yevropaga bosim o‘tkazib, NATOni moliyalashtirishni to‘xtatish tahdidi bilan Maskning biznes loyihalariga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni talab qildi.
Bu orada Bryussel Maskning aralashuviga qarshi qat’iy choralar ko‘rishini ma’lum qildi. X ijtimoiy tarmog‘ida yolg‘on ma’lumot va taqiqlangan kontent joylashtirilishi bo‘yicha tergov hali ham davom etmoqda.
Britaniyada esa 2025 yil martda Internet xavfsizligi haqidagi yangi qonun kuchga kirishi kerak. Uni buzgan texnologik kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlar katta jarimalar va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Nik Koenning fikricha, ushbu qonunni qo‘llash Britaniya hukumatining Maskning troll qilishlariga qarshi javob bo‘lishi kerak.
«Biz demokratiyada yashaymiz va agar qonun parlament tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, u bajarilishi lozim. Bu AQSh hukumatining qarshi javob choralariga sabab bo‘lishi esa boshqa masala» — deydi kolumnist.
Ayrim sharhlovchilar Maskning Yevropa siyosatiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarini haddan ziyod yuqori baholab yuborishdan saqlanishni tavsiya qiladi. Uning g‘oyalari uchun asosiy platforma – X, ammo Britaniyada u mashhurlik bo‘yicha oltinchi ijtimoiy tarmoq hisoblanadi va uning auditoriyasi so‘nggi yillarda kamaymoqda. Germaniyada X qamrovi undan ham kam va u yerda til to‘sig‘i ham mavjud — nemislarning hammasi ham ingliz tilidagi yangiliklarni o‘qimaydi, garchi ingliz tilida gaplashsalar ham.
Bundan tashqari, AQShda Maskga bo‘lgan munosabat Trampnikidan deyarli farq qilmaydi: amerikaliklarning yarmidan ko‘prog‘i salbiy, undan kamrog‘i esa ijobiy munosabatda. Yevropada esa u unchalik mashhur bo‘lmagan shaxs sifatida qolmoqda: yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovga ko‘ra, Britaniyada Maskga nisbatan 44 foiz odamlar salbiy qarashda, so‘ralganlarning faqat 26 foizi ijobiy fikr bildirgan. Shuningdek, nemislarning 73 foizi Maskning Germaniya siyosatiga aralashuvini noto‘g‘ri, deb hisoblashini aytgan.