Olimlar gadjetlarni inson tanasi orqali zaryadlashni o‘rgandi

Fan-texnika 14:07 937

AQShning Karnegi-Mellon universiteti olimlar guruhi Power-Over-Skin nomli innovatsion texnologiyani ishlab chiqdi. Ushbu texnologiya elektr energiyasini inson tanasidan o‘tkazish imkonini beradi. Kelajakda taqiladigan qurilmalarda batareyalarga ehtiyoj qolmasligi mumkin.

Fitnes-trekerlar, aqlli soatlar va turli xil tibbiy qurilmalar muntazam zaryadlashni talab etadi. Power-Over-Skin ushbu muammoni tanani elektr toki o‘tkazuvchisiga aylantirish orqali hal qiladi. Ishlanma taqiladigan elektronika sohasida inqilobiy o‘zgarish yasashi, bunday gadjetlarni yanada ixcham, yengil va sezilmas qilishi mumkin.

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, inson tanasi radiochastotalarni samarali o‘tkazish qobiliyatiga ega. Tajribalar davomida olimlar batareya bilan ishlaydigan uzatkichdan foydalanib, energiyani kichik qurilmalarga, masalan, uzukdagi Bluetooth-joystikka yoki yoritkichli sirg‘aga uzatdi.

Xuddi radio havo orqali signallarni uzatganidek, tanadan ham o‘tkazgich sifatida foydalanamiz”, — dedi olimlardan biri Endi Kong.

Tana orqali energiya o‘tkazadigan kvadrat to‘lqinlar an’anaviy sinusoidal to‘lqinlarga qaraganda samaraliroq bo‘lib chiqqan. Bu kashfiyot tasodifan qilingan bo‘lsa-da, keyingi ilmiy izlanishlarga kuchli turtki berdi.

Ushbu texnologiya qurilmalarni katta hajmdagi batareyalarga qaramlikdan xalos etishi mumkin. Masalan, qon tarkibidagi qand miqdorini o‘lchovchi asboblar, yurak ritmi boshqaruvchilari va boshqa tibbiy qurilmalar juda kichik o‘lchamlarda yasalib, mustaqil ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bu esa gadjetlarni taqinchoqlarga qadash imkonini beradi: foydalanuvchilarga deyarli sezilmaydigan sirg‘alar yoki bilaguzuklar kabi.

Hozirda Power-Over-Skin texnologiyasi bilan faqat kam energiya iste’mol qiladigan qurilmalar, masalan, yorug‘lik diodlarini ishlatish mumkin. Biroq olimlar guruhi bu texnologiyaning quvvatini 10 barobarga oshirishni rejalashtirmoqda. Natijada simsiz quloqchinlar kabi murakkabroq qurilmalarni ham zaryadlash imkoni bo‘ladi.

Texnologiya hali ishlab chiqish bosqichida bo‘lsa-da, uning salohiyati katta. U taqiladigan elektronika qurilmalarini loyihalashga bo‘lgan yondashuvni tubdan o‘zgartirishi va millionlab foydalanuvchilarning hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin.

Avvalroq Limerika va Valensiya universitetlari tadqiqotchilari shunga yaqin ixtiro — inson tanasidagi issiqlikni elektr energiyasiga aylantirish usulini ishlab chiqqandi.

Ko‘proq yangiliklar: