“Boshimizni devorga urardi” – Zangiotada egizak qizlarini muntazam kaltaklab kelgan ota 3 yilga qamaldi

Jamiyat 18:53 / 24.01.2025 3241

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida farzandlarini doimiy ravishda kaltaklab kelgan ota jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida ro‘yxatda turuvchi, 1977 yilda tug‘ilgan D.P. ikki qizi va bir o‘g‘li bilan Zangiota tumani Bog‘zor mahallasida ijarada yashab kelgan. Uning turmush o‘rtog‘i M.B. esa Rossiyada ishlab, ma’lum bir vaqtda uyiga kelib turgan.

D.P. 2010 yilda tug‘ilgan egizak qizlarini muttasil ravishda do‘pposlab, ularga nisbatan jismoniy hamda ruhiy jihatdan azob bergan holda qiynab kelgan. Buning oqibatida qizlar turli darajada tan jarohati olishgan.

Erkak sudda aybiga iqror bo‘lib, qizlarini tarbiyalash uchun shunday qilganini, qizlari aytganini qilmay qo‘ygani uchun urganini bildirgan.

2009 yilda ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga bordim va 2010 yilga qadar ishladim. 2013 yilda sudlanib, 9 yil muddatga qamaldim. O‘sha vaqtda turmush o‘rtog‘im ishlash maqsadida Rossiyaga ketdi. Shundan buyon har yili har xil muddatlarda Rossiyaga borib ishlab keladi.

2016 yilda ozodlikka chiqdim. 2017 yilda ma’lum muddat Rossiyada ishlab keldim. Shundan buyon kirakashlik qilaman.

2024 yildan boshlab ishdan uyga charchab kelgan vaqtimda qizlarim aytganimni qilmasdan, menga gap qaytaradigan odat chiqarishdi. Shunda jahlim chiqib, ularni tarbiyalash maqsadida asosan katta qizimni bir necha marotaba qo‘lim va “shvabra” bilan urganman”, degan D.P. suddagi ko‘rsatmasida.

U qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, o‘ziga nisbatan yengil jazo tayinlashni so‘ragan.

Sudda qonuniy vakili ishtirokida so‘roq qilingan qiz esa aksincha ko‘rsatma bergan. U otasi arzimas sabablar bilan muntazam urib kelganini aytib, suddan dadasiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

2023 yil taxminan yoz oylarida otam to‘satdan arzimagan narsalarni bahona qilib, bizni ayovsiz kaltakladi: qo‘lini musht qilgan holda bosh va yuz qismimizga do‘pposladi, shafqatsizlarcha boshimizni devor va shkaflarga urdi.

Shundan so‘ng bu holat bir necha marotaba takrorlandi. Onam ishlab turgan joyidan pul jo‘natmasa ham ovqatning tuzini bahona qilib urardi. Agar buni onamga aytadigan bo‘lsak o‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitardi. Dadam bizni urgan holatlarni akam yashirincha videoga olardi.

Onam jo‘natgan pullarni ro‘zg‘orga sarf qilmasdi. Och qolib uxlagan vaqtlarimiz bo‘lgan: bizni uyga qamab, tashqariga chiqib ketardi”, degan qiz.

Farzandlar otaning bu ishini Rossiyada ishlab yurgan onaga aytgan. D.P.ning turmush o‘rtog‘i darhol yetib kelgan va holat yuzasidan IIBga xabar bergan.

Sud hukmi bilan D.P. Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.  

Ko‘proq yangiliklar: