Jarima ballari limitdan oshgan haydovchilar qancha vaqtga guvohnomasidan ayrilishi belgilandi

O‘zbekiston 18:57 / 24.01.2025 11021

Qayta-qayta qoidabuzarlik qilishi natijasida to‘plagan jarima ballari bir yil ichida 12 ballga yetgan haydovchilar kamida 6 oyga, ko‘pi bilan 3 yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi. Haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxs yana rulga o‘tirsa, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi. Tegishli qonun Senatda ma’qullandi.

O‘zbekiston Senati 24 yanvar kuni ma’qullagan qonun bilan, jarima ballari hisoblangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik yuzasidan javobgarlik belgilanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, amaliyotda jarima ballari uchun transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosining minimal muddatlari belgilanmagan. Shu sabab sudlar amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan kelib chiqib, bunday huquqdan mahrum qilish muddati 15 besh kundan kam bo‘lmasligi kerak deb belgilashi mumkin. Bir yil davomida kamida 12 ta jiddiy qoidabuzarlik qilgan haydovchini atigi 15 kunga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish esa maqsadga muvofiq emas.

Shu sababli yangi qonun bilan yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgani uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi belgilanmoqda. Eng uzoq muddat – 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Senatorlar qonunni ma’qulladi. Muhokamada senator Husan Ermatov haydovchilarga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlarda yuzaga keladigan qoidabuzarliklarning jarima ballariga ta’siri haqida so‘radi:

Amaldagi qonunchilikda, yo‘llardagi chiziqlar bilan bog‘liq talablarga rioya etmaslik, jumladan svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib kirganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bugun muhokama qilinayotgan qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, ushbu qoidabuzarlik uchun ham 12 balldan yarim ball olib tashlanadigan bo‘ladi. Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash uchun javobgarlik belgilanayotganini tushunamiz, lekin biz qoidabuzarlik deb aytayotgan holatlar haydovchilarga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlarda yuzaga kelishini ham hisobga olishimiz kerak. Ayniqsa, yog‘ingarchilik mavsumida yo‘llardagi chiziqlar aksariyat hollarda ko‘rinmaydi. Real holatga qaraydigan bo‘lsak, poytaxtimizdagi yo‘llarda va chorrahalarda bunday chiziqlar juda aniq ko‘rinib turadi, deb ayta olmaymiz. Buning ustiga, aynan chiziqlar tortilgan joydagi o‘ydim chuqurlar bo‘lgan holatlarda ham har qanday haydovchi uni chetlab o‘tishga majbur bo‘ladi. Bunday vaziyatda har qanday sog‘lom odam jarimadan ko‘ra chuqurga tushish qimmatroq tushishini juda yaxshi tushunadi. Savol shundayki, ana shunday holatda ham jarima yoki jarima ballarni qo‘llash kerak, deb o‘ylashimiz qanchalik to‘g‘ri?

Foto: Senat axborot xizmati

Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqda juda jiddiy masala sifatida ko‘tarilayotgan narsa shuki, chorrahalarda qoidabuzarlikni tashkil etish. Ya’ni majburan chekka chiziqqa turib oladi bitta mashina, keyin uni majbur aylanib o‘tish holatida haydovchilar uzluksiz chiziqni majbur bo‘ladi bosib o‘tishga. Biz uni o‘zimiz ham ko‘p bor ko‘rganmiz va u yerda mashinani bagajini ochib oladida, mashinam buzuq deydi. Mana shu narsani jiddiy ko‘rib chiqish vaqti kelgan, deb o‘ylayman”, – dedi senator.

Savolga IIV JXD YHXX boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Erali Bozorov javob berdi

Juda to‘g‘ri, bu masala bugungi kunda ham juda ko‘p uchrab turibdi, murojaatlar kelib tushyapti. Bunday murojaatlar mas’ul xodimlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar holatlar o‘z tasdig‘ini topsa, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi asosida ko‘rib chiqishdan to‘xtatiladi va 321-modda asosida belgilangan tartibda qaror bekor qilinadi.

Yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalariga yetarlicha ko‘rinmaslik tushunchasi kiritildi. Unda yomg‘ir yog‘ishi, qor yog‘ishi, tuman tushishi va shunga o‘xshash holatlar inobatga olindi. Bunday holatlar bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda ham bunday sharoitlar albatta inobatga olinadi.

Hozir fuqarolar davlat yo‘l harakati xavfsizligi idoralariga borish shart emas, dekabr oyidan elektron tarzda murojaat qilishlari mumkin. Bizni mutasaddi mas’ul xodimlar joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqadi.

Bundan tashqari, 2024 yil 18 dekabr kuni qabul qilingan prezidentimizning 449-sonli qaroriga asosan, ma’muriy amaliyot markazlari tashkil etiladi. Bu ma’muriy amaliyot markazlari ma’muriy ishlarni, yagona darcha – eksteritoriallik tamoyili asosida ko‘rib chiqadi. Ya’ni fuqaro bemalol qaysi hududda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘sha ma’muriy amaliyot markazlariga murojaat qilishi mumkin. Joriy yil 18 martdan boshlab ma’muriy amaliyot markazlari faoliyat ko‘rsatishni boshlaydi. Shu sababli siz aytgan holatlarda ish obektiv ravishda ko‘rib chiqilib, jarimalar qo‘llanilmaydi va jarima ballari ham hisoblanmaydi.

Ikkinchi savolga o‘tadigan bo‘lsak, albatta, bunday holatlar ham juda ko‘p kuzatilmoqda. Shu maqsadda, bizda ishchi guruh tuzilgan. Mana, dekabr oyining o‘zida sun’iy yo‘l harakat qoidalari buzishga omil bo‘layotgan joylar o‘rganilib, 50dan ortig‘i bartaraf etildi. Bu boradagi ishlarni yana davom ettiramiz, borlarini davom ettiramiz. Eng asosiy omil bu – fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqqan holda o‘rganib chiqamiz”, dedi Erali Bozorov.

Senator Anvar To‘ychiyev esa ishonchnoma asosida boshqarilayotgan avtomobildagi qoidabuzarlik uchun jarima ballari kimga yozilishi haqida so‘radi:

Qonunda biroz noaniqliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlar bor. Masalan, qonun bilan bir yil davomida 12 va undan ortiq ballik hisoblanadigan jarima ballari uchun sud tartibida transport vositasi boshqarib huquqidan 3 yilgacha mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin degan band bor. Endi tasavvur qilaylik, bitta oilada bitta transport vositasi bo‘lsa, uning yaqin qarindoshlari uni ishonchnomasiz boshqarish huquqiga ega. Bunday holda transport vositasining egasi rulda bo‘lmasdan turib, qoidabuzarlik holatini aniqlasa, bunda ball qaysi haydovchiga nisbatan tatbiq qilinadi?”

Foto: Senat axborot xizmati

Erali Bozorovga ko‘ra, bu holatda haydovchi ma’muriy amaliyot markazlariga murojaat qilishi kerak.

Qonunchilikda belgilangan, transport vositasini egasi yaqin qarindoshlari, ya’ni akasi, opasi, turmush o‘rtog‘i, ota-onasi, opa-singillar, farzandlariga transport vositasini ishonchnomasiz boshqarish huquqini berishi mumkin. Bunda sug‘urta polisida o‘sha yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq kiritilgan bo‘lishi lozim. Endi bitta narsa – transport vositasini egasi o‘zi qo‘shimcha ballar jamlanmasligini oldini olish maqsadida yuqorida aytib o‘tilgan yo‘llardan foydalansa, ma’muriy amaliyot markazlariga murojaat qilinsa, biz programma yaratganmiz. U yerda huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar – qaror chiqarish uchun o‘sha vaqtda transport vositasini boshqargan haydovchiga qaratiladi.

Bu yerda yana bir narsani ta’kidlab o‘tishimiz kerak, muhokama qilinayotgan qonunga 17-1-moddasiga qo‘shimcha kiritilmoqda. Ya’ni transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda foydalangan shaxslar javobgarlikka tortiladi. Fuqarolik-huquqiy munosabatlariga esa o‘sha sug‘urta polisi kiritilgan yaqin qarindoshlar ham kiradi. Shuni inobatga olgan holda, bu transport vositasini boshqargan shaxsga nisbatan jarima ballari to‘planadi. Men o‘ylaymanki, bugungi qonun ma’qullanib, qonuniy kuchga kirgandan keyin mexanizmlar yanada takomillashtirilib, bu boradagi ishlarni davom ettiramiz”, dedi IIV mas’uli.

Senatorlar, shuningdek, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganligini Jinoyat kodeksiga kiritishni ham ma’qulladi.

Eslatib o‘tamiz, yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballarini belgilash tartibi hali belgilanmagan. Qonun qabul qilingach, bu tartib hukumat tomonidan tasdiqlanadi va unda, xususan, qaysi qoidabuzarlik uchun qancha jarima balli berilishi belgilab qo‘yiladi.

Ko‘proq yangiliklar: