Zelenskiy Ukrainada amerikalik tinchlikparvar kuchlar ham bo‘lishi kerakligini aytdi

Jahon 21:58 / 23.01.2025 1094

Agar urushdan keyin Ukrainada tinchlikparvar kuchlar joylashtiriladigan bo‘lsa, ularning tarkibida Amerika qo‘shini ham bo‘lishi kerak, degan prezident Volodimir Zelenskiy Bloomberg uchun bergan intervyusida.

«Bunday [tinchlikparvar kontingent] Qo‘shma Shtatlarsiz bo‘lmasligi kerak. Hatto yevropalik ayrim do‘stlarimiz buning imkoni bor deyayotgan bo‘lsa ham, amalda bunday emas. Hech kim Qo‘shma Shtatlarsiz tavakkalchilik qilmaydi», — deya qayd etgan u.

Zelenskiy Donald Tramp tinchlikka erishishga qodirligiga ishonch bildirgan, ammo bunday tinchlik faqat Vashington Kiyevga uzoq muddatli xavfsizlik kafolati taqdim etgan taqdirdagina mumkin bo‘lishi qayd etgan — yoki NATO a’zoligi, yoki mamlakat hududida g‘arbning tinchlikparvar kuchlari mavjud bo‘lishi shunday kafolat vazifasini o‘taydi.

Bir necha kun oldin Davosdagi iqtisodiy forumda chiqish qilganida Zelenskiy tinchlikparvar kuchlar joylashtirilishi Rossiyaning takrori hujumiga yo‘l qo‘ymaslikda muhim rol o‘ynashini aytgandi. O‘shanda u zarur bo‘lgan tinchlikparvar kuchlar sonini 200 mingga baholagan.

Bloomberg uchun intervyuda Zelenskiy 200 ming raqami ko‘proq majoziy ekani va kontingentning haqiqiy soni Rossiya talab qiladigan ukrain armiyasi miqdoriga bog‘liq bo‘lishi kerakligini aytgan. «Agar biz uni [ukrain armiyasini] 200 mingga, 300 yoki 500 mingga qisqartirsak, qisqartirganimiz o‘rniga boshqa qo‘shinlar kerakligini anglatadi», — degan Ukraina prezidenti.

Ukrainaga tinchlikparvar kontingent joylashtirish g‘oyasi so‘nggi oylarda G‘arbda keng muhokama qilinmoqda — bu g‘oyani birinchi navbatda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ilgari surgan. AQSh prezidenti Donald Tramp ham tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya hukumatlari Ukrainaga o‘z harbiylarini yuborishga tayyorligini bildirgan.

Kremldagilar Yevropa tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga joylashtirish g‘oyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri rad etmagan, ammo Moskvadagilar buni muhokama qilishga hali ertaligini qayd etgan.

Foreign Policy: NATO Ukrainaga xavfsizlik kafolatining ikki variantini taklif qilishi mumkin

NATO davlatlari Rossiya bilan tinchlik kelishuvi doirasida Ukrainaga taklif qilishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlarining ikki turi mavjud, deb yozadi Foreign Policy g‘arblik yuqori martabali mulozimga tayanib.

Nashr suhbatdoshi aytgan birinchi variant NATOning Ukrainaga urushdan keyingi ko‘p yillar davomida ko‘rsatadigan muhim iqtisodiy va harbiy yordamini o‘z ichiga oladi. Oxir-oqibat, ushbu kafolat doirasida Ukraina qachondir alyansga qo‘shilish uchun ruxsat olishi mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi variant NATO nizomi 5-moddasining qo‘llanishini kengaytirishni nazarda tutadi, unga ko‘ra alyans Rossiya yana hujum qilgan taqdirda urushga kirish va Ukrainani himoya qilish majburiyatini oladi.

Materialda kollektiv mudofaa haqidagi modda Ukraina hududining aynan qaysi qismiga tatbiq etilishi ko‘zda tutilganiga aniqlik kiritilmagan — xalqaro tan olingan chegaralarda yoki tinchlik kelishuvi tuzilgandan keyin mamlakatning Kiyev nazoratida qoladigan hududlariga.

Foreign Policy suhbatdoshi ikkinchi variantni Rossiya ham, NATOning o‘zi ham ma’qullashi dargumonligini qo‘shimcha qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: