Shavkat Mirziyoyev 23 yanvar kuni Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati. Muloqotda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston prezidenti Antoniu Koshtani Yevropa kengashi rahbari lavozimiga saylangani bilan samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani va barcha ustuvor yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
«Turli darajalarda faol muloqot va almashinuvlar olib borilmoqda. 2024 yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 30 milliard yevroga yetdi», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili o‘ta muhim mineral resurslar sohasida strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolangan. Transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, «yashil» iqtisodiyot, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda samarali hamkorlik olib borilmoqda.
Shuningdek, muloqotda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tez fursatda imzolanishi o‘zaro munosabatlarning butun majmuini rivojlantirishga jiddiy turtki bo‘lishiga ishonch bildirildi.
«O‘zbekiston yetakchisi va Yevrokengash rahbari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo—Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi», — deya qayd etiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari 2024 yil 27 iyun kuni kechqurun Bryusseldagi sammitda ittifoq asosiy institutlarining yangi rahbarlariga ovoz bergandi. Ovoz berish natijasida Ursula fon der Lyayyen Yevrokomissiya raisi bo‘lib qolgan, Yevropa kengashiga Portugaliyaning sobiq bosh vaziri Antoniu Koshta, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmatiga esa Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas saylangan edi.