O‘zbekistonda hech qaysi hokimga shu paytgacha ketma-ket to‘rtta viloyat boshqaruvi ishonib topshirilmagan edi. Navoiy, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining sobiq hokimi Erkinjon Turdimov endilikda Sirdaryo viloyatiga rahbarlik qiladi. U hozirgacha umumiy hisobda 24 yil hokim, 16 yil viloyat hokimi bo‘lib ishlagan. Va bu bejiz emas: Turdimov o‘z malakasi va rahbarlik madaniyati bilan ko‘plab hamkasblaridan yaqqol ajralib turadi.
Taniqli davlat arbobi Erkinjon Turdimov 1969 yil 10 iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan.
1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi instituti – hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Shundan keyin bir necha yil bank tizimida ishlagan, 2000-2008 yillarda esa Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi bo‘lgan.
2008 yilda Turdimov Toshketga chaqirtirilib, qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanadi, lekin ko‘p o‘tmay, shu yilning o‘zida Navoiyga qaytadi – viloyat hokimi sifatida. U 2008-2016 yillarda Navoiy viloyatini, 2016-2018 yillarda Surxondaryo viloyatini, 2018-2024 yillarda esa Samarqand viloyatini boshqardi.
Ayniqsa, uning Surxondaryo hokimligidan Samarqandga o‘tkazilishini voha ahli chuqur qayg‘u bilan qarshi olgani hammaning yodida bo‘lsa kerak.
“Aziz vohadoshlar. Men Surxondaryo xalqidan cheksiz minnatdorman, 1 yil-u 7 oy vaqt mobaynida voha ahlidan juda ko‘p narsa o‘rgandim. O‘zimni Surxondaryo xalqidan bir umr qarzdor deb hisoblayman”, – degandi Turdimov surxondaryoliklar bilan xayrlashuv chiqishida.
Erkinjon Turdimovning hokimlik davrida Samarqand viloyatida ham qator muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar amalga oshirildi. U 2024 yil noyabrida salomatligi sabab iste’foga chiqarilgan edi. Mana, oradan ikki oy o‘tib, unga endi Sirdaryo viloyati boshqaruvi ishonib topshirildi.
55 yoshli arbob hozirgacha “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan. U mehnat faoliyatida erishgan yutuqlari va el hurmatini qozongani bilan, alohida obro‘-e’tiborga ega davlat arbobi sifatida e’tirof etiladi.
Bundan bir yil avval, 2023 yil arafasida Kun.uz muxbiri Erkinjon Turdimovning bir kunlik faoliyati bilan tanishib, uning shaxsiy va professional hayoti haqida suhbat qurgandi.