Signa Holding developerlik imperiyasi asoschisi Rene Benko 23 yanvar kuni tongda Insbrukdagi villasida hibsga olindi, deb xabar beradi Bild.
Qayd etilishicha, uning hibsga olinishi Avstriya, Italiya va boshqa davlatlardagi jinoyat ishlariga oid tergovlar seriyasi bilan bog‘liq.
Avstriyaning Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish prokuraturasi Benkoni 2023 yil yozda bankdan kredit olish uchun o‘zining Signa Holding kompaniyasining to‘lov qobiliyati to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar berganlikda gumonlamoqda.
Benkoga qarshi tergov, shuningdek, Germaniya va Lixtenshteynda ham olib borilmoqda — milliarder ushbu mamlakatlarda qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan.
Italiyada esa Benkoga qarshi tenderlarni manipulyatsiya qilish, noqonuniy ta’sir ko‘rsatish va firibgarlik bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Avstriya konstitutsiyasi o‘z fuqarolarining chet eldagi sud jarayonlarida ishtirok etishi uchun ekstraditsiya qilinishini taqiqlaydi. Avvalroq Rene Benkoning advokati Yevropadagi biror-bir order uning mijozi hibsga olinishini ta’minlay olmasligini aytgandi.
Rene Benkoga Avstriyadagi eng yirik ko‘chmas mulk holdingi — Signa Holding tegishli. 2023 yil noyabrda holding bankrotlik bo‘yicha ariza bergan. Kreditorlar Signa’ni bankrotlik to‘g‘risida ariza berishidan oldin noqonuniy tranzaksiyalarni amalga oshirgani uchun sudga bergan. O‘shanda Signa’ning qarzi 13 milliard yevroni tashkil etgan, 120 ga yaqin bank esa uning kreditori bo‘lgan.