Mask va «ziga»: milliarder Hitlerni olqishlaydigan jestni takrorladimi?

Jahon 20:14 / 23.01.2025 1887

20 yanvar kuni Kapitoliyda respublikachi Donald Trampning inauguratsiya marosimi o‘tkazildi. 250 mingdan ortiq odam qatnashgan marosimning eng mashhur mehmonlaridan biri shubhasiz, dunyoning eng boy odami Ilon Mask edi. U bor joyda, albatta, qandaydir mojaro bo‘ladi. Bu gal ham shunday bo‘ldi.

Trampning saylov kampaniyasiga kamida 200 million dollar xayriya qilgani aytilayotgan Mask AQSh prezidentining eng yaqin ittifoqchilaridan biriga aylandi. Tadbirkor saylov o‘tkazilgan kundan buyon Trampning Mar-a-Lagodagi mulkida yashab keladi. U prezidentning Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan ilk telefon suhbatida ham yonida o‘tirgan. Keyinchalik Oq uydagi lavozimlarga odam tanlashda asosiy maslahatchiga aylangan. Oxir-oqibat Tramp Maskning o‘ziga ham Oq uyda lavozim berdi.

Bu ma’lumotlarni bejizga keltirmayapmiz, inauguratsiya kuni Maskka nafaqat dunyoning eng boy odami sifatida, balki Trampning asosiy ittifoqchisi sifatida qarashdi. Uning har bir harakatiga mana shu rakursdan baho berildi.

Marosimda so‘zga chiqqan Mask juda g‘alabali harakatni amalga oshirib, baloga qoldi. U o‘ng qo‘lini oldingi cho‘zib, fashistlar Germaniyasi ramzi bo‘lmish «ziga» jestini takrorladi. Fashistlar uni «Hayl Hitler» iborasini aytganda ishlatgan. Mask Vashingtondagi marosim davomida «ziga»ni bir emas, ikki marta takrorladi.

Maskning harakati tezda muhokamalar markaziga tushdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksari bu aynan «ziga» ekani haqida yozishdi. «Jest kaftni pastga tushirgan ko‘yi o‘ng qo‘lni tepaga ko‘tarishdan iborat», deb ta’rifladi «ziga»ni AQSh antidiffamatsiya ligasi. Bu birlashma antisemitizmga qarshi kurash bilan shug‘ullanadi. Ammo bu tashkilot Tvitterda Maskning jesti aynan «ziga» ekanini tasdiqlashdan bosh tortdi. «Aftidan, Mask keskin ko‘tarinkilik ta’sirida noqulay harakat qilib qo‘ydi, natsistcha salomlashgani yo‘q», degan post paydo bo‘ldi liga sahifasida.

Maskning harakati dunyodagi yahudiylarni larzaga soldi. Axir Adolf Hitlerning ularga munosabati qanday bo‘lganini bilasiz. Avstraliya yahudiylar kengashi yetakchilaridan bo‘lmish tarixchi Maks Kayzer Mask aynan zigani takrorlaganini aytib, AQShdagi antisemitizmga qarshi kurashuvchi tashkilotlarni tanqid qildi.

«Bu neonatsistlar, oq millatchilar va ularning tarafdorlariga qaratilgan, ularga sizlarning qadriyatingizni qo‘llayman, deb aytilgan aniq signaldir».

Nyu-yorklik tarix professori Rut Ben-Giat ham shunday fikrda: «Men mutaxassisligi fashizmni o‘rganish bo‘lgan tarixchiman va komil ishonch bilan aytamanki, bu natsistcha salomlashish edi. Jangovar holatdagisi».

Boshqa bir tarixchi Aaron Astor hamkasblarining fikrini qo‘llamaydi: «Men Ilon Maskni u neonatsistlarga o‘z platformasida maydon yaratib bergani uchun ko‘p tanqid qilganman. Lekin bu natsistcha salomlashish emas, u yerda shuncha autizm bilan og‘rigan erkak olomonga qarab men qalban siz bilanman, dedi xolos». Yana bir avstraliyalik mashhur yahudiy Aleks Rivchin ham Mask hitlerchilar jestini takrorlamaganini aytdi.

Maskning o‘zi qilgan harakatini Asperger sindromi bilan og‘riganiga bog‘ladi va bu gapi bilan autizmga chalingan boshqa odamlar tanqidiga uchradi. Biz bunday qilmaymiz-ku, sen nega kasallikni bahona qilyapsan, qabilida e’tiroz bildirishdi ular.

Jahon matbuoti nima deydi?

Jahon matbuoti ham Maskning jyestini faol muhokama qildi. Isroilning Jerusalem Post nashri «Mask Trampning inauguratsiyasida «ziga»ni takrorladimi?» degan sarlavha bilan maqola chiqardi. Britaniyaning Spectator nashri esa unga javob bergandek «Yo‘q, Ilon Mask fashistlar jestidan foydalanmadi», deb yozdi.

Turli xil neonatsistik guruhlar Maskning jestini olqishladi. «U buni atayin qildimi yoki bilmasdan – menga qiziq emas, men ko‘zda yosh bilan bu lahzadan rohatlanaman», deb yozgan Blood Tribe neonatsistlar guruhi lideri Kristofer Polxaus.

«Hayl, Tramp», deb qo‘shiq kuyladi Ohayo shtatidagi Proud boys guruhi allaqachon.

Ilon Maskning o‘zi holatga quyidagicha munosabat bildirdi: «To‘g‘risi, ularga yangi iflos mojarolar kerak. Hammangiz Hitlersiz, degan mantiqsiz hujum jonga tegdi», deb yozdi Mask.

Berlinlik sudya Kay-Uve Xerbst Olmoniyada o‘ng qo‘lni oldinga cho‘zish jinoiy ish ochishga sabab bo‘lishi mumkinligini eslatdi. Lekin shunchaki o‘ng qo‘lini yuqori ko‘targan odamga hech qanday jazo bo‘lmasligi mumkin, lekin bu natsistlar jesti ekanini tushungan holda takrorlagan odam jazolanadi.

Germaniyalik sudyaning aytishicha, mamlakatda ko‘pchilik bu jestni provokatsiya qilish uchun ishlatadi. Ammo Mask bu jestni nega qilganini o‘zidan boshqa hech kim bilmaydi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Fahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: