Irlandiya parlamenti 23 yanvar kuni Mixol Martinni mamlakat bosh vaziri etib saylashga ovoz berdi, deb yozadi Associated Press.
Qayd etilishicha, parlamentariylarning 95 nafari Martinga ovoz bergan, 76 nafari esa unga qarshi chiqqan.
«Men uchun erkin, demokratik hamda rang-barang respublika hukumatining rahbari etib tayinlanish katta sharaf», — deydi Martin. U endi Irlandiya Vazirlar mahkamasini shakllantirishi kerak bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, tez orada Irlandiya prezidenti Maykl Xiggins Martinni mamlakat bosh vaziri etib rasman tayinlaydigan marosim bo‘lib o‘tadi.
Irlandiya bosh vazirini saylash jarayonlari 22 yanvarda bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo u mazkur saylov bo‘yicha parlamentda yuzaga kelgan tartibsizliklar tufayli qoldirilgandi.
O‘tgan yilning noyabrida Irlandiyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra, Martinning Fianna Fail partiyasi parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘ldi, ammo bu bir partiyali hukumatni shakllantirishga yetmadi. Bir necha haftalik muzokaralardan so‘ng Fianna Fail va Fine Gael partiyalari koalitsiya tuzishga kelishib oldi.
Kelishuvga ko‘ra, Martin uch yil davomida bosh vazir lavozimida o‘tiradi, hozirda hukumat rahbarligidan ketayotgan Saymon Xarris esa unga o‘rinbosar bo‘ladi. Shundan so‘ng, ular o‘z lavozimlarini almashadi va qolgan ikki davomida hukumatni Xarris boshqaradi.
Mixol Martin 2020-2022 yillar davomida ham Irlandiya bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.