U Amerika demokratiyasini demontaj qila olmasa ham, davlatchilikni agressiv va utilitar imperiyachilik bilan, egosentrizm bilan, ksenofobiya va islomofobiya bilan zaharlab ketadi.
Donald Tramp yana AQSh prezidentligiga qaytdi. Amerika tarixida bir marta saylanib, keyin yutqazgan va oradan to‘rt yil o‘tib hokimiyatga qaytgan ikkinchi prezident bo‘ldi. Birinchi marta prezident bo‘lganida, Tramp AQSh demokratiyasining “xatosi” sifatida ko‘rilgan edi. Qolaversa, o‘tgan to‘rt yillikda ham Trampning vaqti ko‘proq elita bilan, demokratlardan tashqari o‘zining partiyasi bo‘lmish respublikachilar bilan kurashda kechdi. Va u bu kurashda g‘olib chiqdi.
Bu safar hammasi boshqacha. Bu safar Tramp ishonchli g‘alaba bilan keldi. Respublikachilar partiyasi Trampga bo‘ysundi, opponentlari taslim bo‘ldi, qudratli shaxslar va milliarderlar hammasi unga ergasha boshladi. Shuningdek, bu safar Trampning partiyasi bo‘lmish respublikachilar faqat prezidentlik hokimiyatini, balki Kongress va Senatdagi ko‘pchilik o‘rinlarni ham qo‘lga kiritdi. Oliy sudda ham bugun respublikachilarga yaqin konservativ sudyalar ko‘proq.
Shunday ekan, Trampning davri endi boshlanyapti. Ayniqsa, keyingi ikki yilda Trampni qarorlariga to‘siq qo‘yuvchi Senat va Vakillar palatasi bo‘lmaydi.
Demokratik davlatlardagi boshqaruvlarning, saylangan prezidentlar va bosh vazirlarning eng asosiy xususiyati – ularni ta’bir qilish imkoni borligida. Demokratik davlatlarda, prezidentlar va bosh vazirlar, o‘zlari mansub partiyalarning mafkuralari, saylov dasturlari, siyosiy qarashlari doirasida aniq trayektoriya doirasida fikrlashadi, harakat qilishadi.
Trampning kredosi – ta’bir qilib bo‘lmasligida. To‘g‘ri, Tramp doim o‘z qarashlarini baralla aytib kelgan, o‘zining moyilliklarini yashirmagan. Lekin bu moyilliklar va qarashlar doirasida aynan nima ishlar qilishini ta’bir qilish imkonsiz. Qolaversa, Tramp jim turish orqali, yoki ortiqcha qo‘rqitish orqali ham jamoatchilikni yoki opponentlarini manipulyatsiya qiladi.
Trampning asosiy qadriyatlari – bu dominantlik. Ikkinchi jahon urushidan keyingi barcha Amerika prezidentlari “Amerika liderligi” haqida gapirishgan. Bunda, AQSh boshqalarga ma’naviy o‘rnak bo‘lishi, avtoritet sifatida ko‘rilishi, buning uchun esa, qadriyatlar va yaxshi kelajak obrazini ko‘rsatib, bu yo‘nalishda ishonchli hamkorlik qilishi aytilardi. Lekin Tramp uchun, tenglar ichida lider bo‘lish emas, hammaning ustida, yuqorisida turadigan dominant bo‘lish, qo‘rqitish va bosim qilish, mahrum qilish orqali maqsadlariga erishish ustunroq turadi.
Tramp rostdan ham urushlarni xushlamaydi. Lekin tinchlikparvar bo‘lgani uchun emas. Biznesmen sifatida, resurslarni harbiy urushlarda yo‘q qilish orqali boshqalarni bo‘ysundirish emas, qo‘rqitish orqali aktiv orttirib, qo‘lga kiritish kerak, degan yo‘sinda fikrlaydi. Tramp uchun harbiy urushlar emas, savdo-iqtisodiy, axborot-siyosiy va psixologik urushlar ham arzon, ham samarali ko‘rinadi.
Birinchi to‘rt yillik davrida Tramp o‘zini o‘ta islomofob, ksenofob sifatida ko‘rsatdi. Boshqalardan qo‘rqish va boshqalar nomi bilan qo‘rqitish – Tramp dunyoqarashida katta o‘rin tutadi. Bu safar esa, uning ritorikasida islomofobiya darajasi juda kam. Lekin u o‘zgargani yo‘q, balki, tajribaliroq bo‘ldi. Trampga arab-musulmon dunyosining boyliklari, sarmoyalari, resurslari kerak. Shuning uchun u islomofobik ritorikasini pasaytirdi. Biroq, keyingi yillarda ko‘rish mumkin bo‘ladiki, u baribir o‘ta isroilparast, o‘ta islomofob siyosatchi sifatida faoliyat olib boradi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh dunyoda liberal global tartibotini o‘rnatdi va himoya qilib keldi. Tramp esa bu tartibotga nafaqat ishonmaydi, balki bu tartibotni o‘zi uchun noto‘g‘ri, noqulay, serxarajat deb biladi. Tramp avtoritarizmni “to‘g‘ri va samarali” deb bilishini hech qachon yashirmagan.
Tramp davrida AQShning global ittifoqlari zaiflashadi. Bugun Yevropa Ittifoqi, NATO davlatlari jiddiy tashvishda. Chunki Tramp uchun mafkuraning, qadriyatlarning katta ahamiyati yo‘q. U hamma narsani daromad bilan o‘lmaydi, bo‘lganda ham bu daromad ushlab ko‘rish mumkin bo‘lgan, hozir va shu yerda keladigan foyda bo‘lishi kerak.
Tramp yana to‘rt yil prezident bo‘larkan, u AQShdagi demokratik institutlarni demontaj qila olmaydi, chunki amerika demokratiyasi, konstitutsiyaviyligi, institutlari asrlar davomida shakllandi. Lekin Tramp amerika davlatchiligini agressiv va utilitar imperiyachilik bilan, egosentrizm bilan, ksenofobiya va islomofobiya bilan ancha chuqur zaharlab ketadi.
Trampning AQSh hokimiyatiga kelishi xalqaro maydondagi kelishuvlarni, xalqaro huquqni jiddiy darajada zaiflashtiradi. Tramp tomonidan o‘rnatilayotgan “kim kuchli bo‘lsa – o‘sha haq” degan tamoyil, boshqa qudratli davlatlarning ham qo‘llarini yechadi. Dunyoda, xuddi 19-asrdagi kabi, “qudratlilar zaiflarni yeb oziqlanadi” degan o‘yin qoidasi normaga aylanib boradi.
Ushbu kontekstda Markaziy Osiyo, O‘zbekiston, bir tomondan ichki qudrat shakllantirish mexanizmlarini, institutlarini tezroq qabul qilishi, ya’ni demokratiya va huquqiy davlatchilikdan qo‘rqmasligi, joriy qilishi kerak bo‘ladi. Chunki aynan demokratiya va huquqiy davlatchilik g‘arb davlatlariga katta milliy boylik, harbiy qudrat, iqtisodiy salohiyat, texnologik ustunlik yaratish imkonini berdi.
Ikkinchi tomondan esa, turkiy birlik va Markaziy Osiyo integratsiyasini tezlashtirish, reallashtirish zarurati oshib bormoqda.
Yangi davrda, bular – sog‘-omon qolishning asosiy ikki chorasi hisoblanadi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos