Qayd etilishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoa bosh murabbiyligi uchun bir qator nomzodlarni o‘rganib chiqqan va tahlil qilgan. Mahalliy va xorijlik tajribali mutaxassislar bilan muzokaralar o‘tkazgan. Shu bilan birga, murabbiylar kengashi tomonidan taqdim etilgan tavsiyalar ham batafsil ko‘rib chiqilgan.
«Jahon chempionati saralashining hal qiluvchi o‘yinlariga oz vaqt qolganini hisobga olib, jamoa va futbolchilar bilan yaqindan tanish bo‘lgan, uzoq yillar davomida milliy jamoa safida to‘p surgan hamda bosh murabbiy va yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib borgan, shuningdek, O‘zbekiston Olimpiya jamoasi bilan tarixiy natijaga erishgan Temur Kapadze nomzodi ilgari surildi. Hozirgi yuzaga kelgan holatda O‘FA aynan Kapadzening murabbiylik iste’dodi, mas’uliyati, jamoa a’zolari orasida mavqei, qolaversa doimo yuqori maqsad sari intilish kabi jihatlari orqali muhim uchrashuarda ijobiy natija ko‘rsatishiga ishonadi», — deyiladi tashkilot xabarida.
Ta’kidlanishicha, Temur Kapadze ayni kunlarda Qatarda yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy jamoasiga qo‘shilib, jamoa boshqaruvini qo‘lga oladi.
Avvalroq, O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik bilan bekor qilishga qaror qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 43 yoshli Temur Kapadze 2024 yilda O‘zbekiston olimpiya jamoasini futbolimiz tarixida ilk bor Olimpiadaga olib chiqqan va yakunda O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi 27 yanvar kuni Dohada Iordaniyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Bu bahsga asosan Superligada to‘p surayotgan o‘yinchilar jalb etilgan. Milliy jamoamiz 20 mart kuni JCh-2026 saralashi doirasida Toshkentda Qirg‘izistonni qabul qilsa, 25 mart kuni Tehronda Eron milliy jamoasi mehmoni bo‘ladi. Ushbu bahslardagi muhim ochkolar jamoamizga ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini keltirishi mumkin. Vakillarimiz hozirda 13 ochko bilan A guruhida 2-o‘rinda bormoqda.