Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili Rossiyaning «Yantar» okeanografik kemasi Britaniya hududiy suvlariga kirganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda BBC.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 yanvar kuni «Yantar» La-Mansh bo‘g‘ozining Britaniya sohillaridan 45 mil uzoqlikda payqalgan. Uni mamlakat harbiy-dengiz flotining ikki kemasi kuzatib qo‘ygan.
BBC maqolasida «Yantar» «ayg‘oqchi kema» deya ta’riflangan. Hilining ma’lum qilishicha, ushbu voqea — «kuchayib borayotgan Rossiya bosqiniga» yana bir misoldir. «Prezident Putin bu xabarni eshitishini istayman: biz sizlarni ko‘rdik, nima qilayotganingizni bilamiz va mamlakatimizni himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘rishdan qochmaymiz», — deydi mudofaa vaziri.
Hili, shuningdek, bu oxirgi oylarda «Yantar» Britaniya hududiy suvlariga kirgan ikkinchi holat ekanini qo‘shimcha qilgan. Noyabr oyida Rossiya kemasi muhim suvosti quvurlari va kabellari hududida «patrullik» bilan shug‘ullangan vaqtida Irlandiya dengizidan kuzatib qo‘yilgan edi.
Rossiya tomoni «Yantar»da faqat tadqiqot uchun mo‘ljallangan uskunalar borligini ta’kidlab keladi. Shu bilan birga, 2015 yilda AQSh Harbiy-dengiz floti «Yantar» bortidagi apparatlar internet kabellarni qirqib yuborishga qodir ekanini ma’lum qilgandi.