Bavariyada afg‘onistonlik erkak bolalarga pichoq bilan hujum qildi. Ikki kishi halok bo‘ldi

Jahon 01:18 616

Bavariyaning Ashaffenburg shahrida 28 yoshli erkak Shental bog‘ida bir guruh bolalarga pichoq bilan hujum qildi. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.

Nemis OAVning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, marokashlik ikki yoshli bola va bolalarni himoya qilishga uringan 41 yoshli erkak halok bo‘lgan. Frankfurter Rundschau’ning yozishicha, ikki kishi, xususan, Suriyadan kelgan ikki yoshli qizcha jarohat olgan.

Gumonlanuvchi temiryo‘l orqali yashirinishga uringan va shaharda ma’lum muddat harakat to‘xtatilgan, keyinroq u qo‘lga olingan.

Bavariya ichki ishlar vaziri Yoaxim Xerrmanning ma’lum qilishicha, hujumni 28 yoshli Afg‘oniston fuqarosi amalga oshirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi Germaniyaga 2022 yilda kelgan va boshpana uchun ariza bergan. Ammo keyinroq u arizasini qaytarib olgan va jarayon to‘xtatilgan. Xerrmanning qo‘shimcha qilishicha, hujum uyushtirgan shaxs ruhiy kasallikla shifoxonasida davolangan.

Germaniya kansleri Olaf Shols ushbu hujumni «tasavvur qilib bo‘lmaydigan terrorchilik akti», deb atadi. «Har bir necha haftada himoya topish maqsadida bu yerga kelgan insonlar tomonidan amalga oshirilayotgan shu kabi zo‘ravonlik aktlaridan charchadim», — deydi kansler. U hukumat hujum uyushtirgan shaxs nima uchun shu vaqtgacha Germaniyada qolganini zudlik bilan aniqlashi va olingan ma’lumotlar natijasida xulosalar chiqarishi kerakligini ta’kidladi.

Bavariya bosh vaziri Markus Zeder bugungi kunni barcha yerlar uchun «dahshatli» deb atadi va jabrlanganlar tez orada sog‘ayib ketishiga umid bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: