Turkiyaning Bolu shahridagi Grand Karta mehmonxonasida sodir bo‘lgan yong‘in ishi doirasida shahar meri o‘rinbosari Sedat Gulener va o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Kenan Joshkun hibsga olindi, deb xabar beradi Anadolu Ajansi.
Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunchning ma’lum qilishicha, yong‘in bo‘yicha tergov doirasida jami 11 kishi ushlangan. Ular orasida Bolu meri o‘rinbosari, Bolu o‘t o‘chirish xizmati direktori o‘rinbosari, mehmonxona egasi, boshqaruvchisi, kompaniya bosh direktori va mehmonxona direktori ham bor. O‘t o‘chirish va qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlangan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida jami 79 kishi halok bo‘lgan. DNK-testlar yordamida 56 kishining shaxsiga aniqlik kiritilgan. Boludagi tog‘-chang‘i kurortida joylashgan Grand Kartal mehmonxonasining restoran qismida 21 yanvar kuni yong‘in yuz bergandi. Bu vaqtda bino ichida 237 kishi bo‘lgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Mamlakat hukumati 22 yanvarni milliy motam kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidentiga fojia munosabati bilan ta’ziya yo‘lladi.