Chexiyada rossiyaliklarga fuqarolik berishni taqiqlovchi qonun ma’qullandi

Jahon 23:42 / 22.01.2025 423

Chexiya Senati rossiyaliklarga mamlakatda fuqarolikni olishni amalda taqiqlovchi qonunni ma’qulladi. Lex Ukraine nomli qonun asosan ukrainalik qochqinlarning vaqtinchalik himoyasini uzaytirish, rossiyaliklar uchun pasportlar to‘g‘risidagi qoidalarga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi.

Yangi qonunga muvofiq Chexiya fuqaroligini olish uchun berilgan arizalar Rossiya—Ukraina urushi tugaganidan keyingina ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, qonun bilan Chexiya fuqaroligini olmoqchi bo‘lgan rossiyaliklardan RF pasrportidan voz kechish talab qilinadi. Fuqarolik olish uchun hozirgacha berilgan barcha arizalar muzatiladi.

Bunda faqat voyaga yetmaganlar, boshpana so‘rovchilar va Rossiya rejimiga qarshilarga istisno qo‘llaniladi. Fuqarolikka da’vogar rossiyaliklar dissidentlarga o‘zlarining aloqasi yo‘qligini qanday isbotlashi noma’lum.

Qonun, shuningdek, Chexiya qonunchiligiga «xorijiy davlat bilan ruxsat etilmagan hamkorlik» uchun jinoiy javobgarlikni ham kiritadi. Muxolifat mazkur bandni tanqid qilib, undan siyosiy ta’qiblar maqsadida foydalanish mumkinligini ta’kidladi.

Senatdagi muhokamada keyin qonunni 73 nafar senatorning 21 nafari qo‘llab-quvvatlagan — norozi senatorlar o‘z tuzatishlarini kiritmagani bois hujjat ma’qullandi deya hisoblangan. Qonun kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi kerak, ammo bu shunchaki rasmiyatchilik bo‘lib qoladi, chunki u oldinroq ushbu hujjatning qabul qilishiga e’tiroz bildirmasligini aytgandi.

Chexiyada yashovchi huquq himoyachilari va ruslar ma’lum bir mamlakat fuqarolariga mamlakat fuqaroligini berishni taqiqlash diskriminatsiya sifatida baholanishi mumkinligini ma’lum qilgan. O‘zgartirishlar tarafdorlari esa bu yerda diskrimiatsiya yo‘qligi, chunki boshqa davlat fuqaroligini olish ajralmas huquq hisoblanmasligini ta’kidlagan.

RF Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Chexiya YeI davlatlari orasida rossiyaliklarga nisbatan eng qat’iy cheklovlarni joriy etdi — turistik vizalar va yashash huquqini taqdim etuvchi ruxstanomalar berishni butunlay to‘xtatdi, shuningdek, Shengen zonasidan tashqaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishni taqiqladi.

Ko‘proq yangiliklar: