Luiziana va Texas shtatlarining ayrim hududlarida tarixda birinchi marta qor bo‘ronidan ogohlantirish e’lon qilindi, deb xabar beradi The New York Times. Shuningdek, janubiy shtatlar gubernatorlari favqulodda holat e’lon qildi.
22 yanvar kuni Texasda havo harorati 34 darajagacha sovigan, Ayovaning ayrim hududlarida esa harorat Tselsiy bo‘yicha 38 daraja sovuqqacha tushgan. Hyustonga 8 santimetr qalinligida qor yoqqan — bu bir necha yil davomida yoqqan qorlarni qo‘shib hisoblagandan ham ko‘p. Yangi Orlean aeroportiga esa 20 santimetr qalinlikda qor yoqqan bo‘lib, bu ham rekord hisoblanadi. Eng ko‘p qor Luizianaga yoqqan — 26 santimetrgacha.
Anomal sovuqlar sabab o‘n kishi halok bo‘lgan. Ob-havo tufayli aeroportlar 2 mingta reysni bekor qilgan, yana 13 mingta parvoz kechiktirilgan. Shimoldagi deyarli barcha shtatlarni janub bilan birlashtiruvchi I-10 avtomagistrali yopilgan.
AQShga Arktika sikloni bilan kuchli sovuq shamollar ham kelgan. Prognozlarga ko‘ra, sovuq ob-havo bir necha kun davomida saqlanib qoladi. Mamlakatda kuchli qor bo‘ronlari kuzatilishi haqida yanvar boshlarida ogohlantirish berilgan. Vashingtonda 5 yanvardan beri favqulodda holat rejimi amalda.