Sirdaryoga hokim bo‘lgan Turdimov, O‘zbekiston futboli rahbariyatidagi o‘zgarishlar, sayyohdan pora olgan samarqandlik IIB xodimlari va tergov hibsxonasidan oldingi majburiy tibbiy ko‘rik — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Erkinjon Turdimov Sirdaryoga hokim bo‘ldi
O‘zbekiston prezidenti farmoniga ko‘ra, Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Turdimov 1969 yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan, iqtisodchi mutaxassisligiga ega. U o‘z faoliyatini bank sohasida boshlagan va Navoiy, Surxondaryo hamda Samarqand viloyatlarida hokim sifatida xizmat qilgan. 2024 yil noyabrida salomatligi bois lavozimini tark etgan Turdimov yana rahbarlik lavozimiga qaytdi.
Sirdaryo viloyatini 2022 yildan buyon Akmaljon Mahmudaliyev boshqargandi. U 2024 yil yanvarda investitsiyalarni jalb qilish va qishloq xo‘jaligidagi kamchiliklari sabab lavozimidan ozod qilingan.
Abdusalom Azizov O‘FA rahbarligidan ketdi
O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov o‘z lavozimini tark etdi. Assotsiatsiya ma’lumotiga ko‘ra, 22 fevralda navbatdan tashqari saylov Kongressi o‘tkaziladi, ungacha O‘FA prezidenti vazifalari birinchi vitse-prezident Ravshan Ermatovga yuklatildi.
Abdusalom Azizov 2019 yil iyul oyidan beri O‘FAni boshqarib kelgan.
U 2017 yildan boshlab O‘zbekistonda bir qator muhim lavozimlarda faoliyat yuritgan: yanvar-sentabr oylarida ichki ishlar vaziri, 2017 yil sentabrdan 2019 yil fevralgacha mudofaa vaziri, keyin esa 5 yil davomida Davlat xavfsizlik xizmati raisi sifatida ishlagan. 2024 yil noyabrida u ishdan bo‘shatilgan edi.
Dekabr oyida Abdusalom Azizov prezident maslahatchisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Srechko Katanets MTJ bosh murabbiyligidan ketdi
Futbolga oid yana bir tayinlov haqida xabar. Sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanets sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik asosida bekor qildi.
Katanets o‘z murojaatida vazifalarini to‘laqonli va professional tarzda bajara olmasligini afsus bilan ta’kidladi va assotsiatsiyaga doimiy qo‘llab-quvvatlagani hamda samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi. Katanets milliy terma jamoamizga Jahon chempionati saralash o‘yinlarida omad tiladi.
Milliy jamoa bosh murabbiyligiga vaqtinchalik Temur Kapadze tayinlandi. U Dohada o‘tayotgan mashg‘ulot yig‘iniga qo‘shiladi va O‘zbekiston terma jamoasini O‘rdunga qarshi o‘rtoqlik o‘yiniga boshlab tushadi.
Sayyohlardan pora olgan IIB xodimlari
Samarqandda koreyalik sayyohga Registonga kirish chiptasi uchun noqonuniy ravishda pul so‘rash holati aniqlandi. Sayyoh Park Jun He YouTube'dagi «Deno trip» kanalida ushbu voqeaning videotasvirini joylagan.
Videoda janubiy koreyalik sayyoh Registon maydoniga chipta xarid qilish uchun yo‘l qidirayotganda, ikki nafar ichki ishlar xodimi undan 50 ming so‘m talab qilgani aks etgan. Xodimlar pulni devor ortidagi chiqindi qutisining ichiga qo‘yishni aytgan. Park Jun He ko‘rsatilgan joyga pulni qo‘yib, video orqali ular pora olganini tasdiqlagan.
Kun.uz ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazdi. Natijada, patrul-post xizmati batalyonining ikki xodimi ichki ishlar organi nufuziga putur yetkazgani sababli lavozimidan ozod qilingan.
Mahallalarda «namunali xavfsiz ko‘cha» loyihasi
Prezident farmoni bilan 2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Farmonga ko‘ra, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish maqsadida huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish xavfi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Ma’muriy huquqbuzarliklar E-ma’muriy ish tizimida ro‘yxatdan o‘tganda, huquqbuzarlar va jabrlanuvchilarga avtomatik tarzda ijtimoiy profilaktika tadbirlari tavsiya etiladi.
Kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarda kamida bittadan «namunali xavfsiz ko‘cha» va «namunali xavfsiz yo‘lak»lar tashkil qilinadi. Bu tadbirlarni amalga oshirgan va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirgan «mahalla yettiligi» hamda sektor rahbarlari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantiriladi.
Tergov hibsxonasidan oldingi tibbiy ko‘rik
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida jinoyat ishini yuritish chog‘ida shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilinib, qabul qilindi.
Qonunga muvofiq, shaxsni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin uni hibsxonaga kelganidan boshlab 2 soat ichida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
Tibbiy ko‘rik davomida shaxsning tanasida jarohat yoki shikastlanishlar aniqlansa, bu haqda zudlik bilan prokurorga xabar berish talab etiladi.
Qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.