AQShning 47-prezidentiga aylangan Trampning inauguratsiya marosimi cheklangan sonli mehmonlar ishtirokida o‘tdi. Tadbirda siyosatdonlar, davlat xizmatchilaridan tashqari dunyo milliarderlarini ham ko‘rish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, marosimda jami boyligi 1,2 trln dollar bo‘lgan boylar qatnashgan.
Donald Trampning inauguratsiya marosimida jami boyligi 1,2 trillion dollar bo‘lgan milliarderlar ham qatnashdi. AQShning 47-prezidenti sifatida Tramp qasamyod qilarkan, oxirgi 40 yil ichida ilk bor bu siyosiy tadbir Kapitoliy ichkarisida o‘tkazildi. Bundan tashqari, poytaxt Vashington inauguratsiya kunida ming-ming politsiya hamda xavfsizlik kuchlari qurshovida qoldi. Obamaning ikki inauguratsiyasi, Trampning 2017 yilgi va Baydenning qasamyodi ham bunchalik qattiq nazorat ostida o‘tmagandi. Kapitoliy yaqinidagi jamoat joylari yopilgan, vokzal va metro bekatlari ham jiddiy tekshiruv ostiga olingan. Marosim bo‘ladigan zalga esa faqat siyosatchilar, davlat xizmatchilari, maxsus mehmonlar qo‘yildi. Ularning soni bir necha yuzlab, xolos.
Minglab amerikaliklar esa bu gal bevosita inauguratsiyani tomosha qilolishmadi. Baydennikiga ham rekord darajada kam odam kelgan, sababi pandemiya payti edi. Mehmonlar ichida VIP guruh bor, bular dunyo milliarderlari. Trampning inauguratsiya marosimiga boyligi jami 1,2 trln dollar bo‘lgan boylar keldi. Qasamyoddan avval tadbirda SpaceX va Tesla rahbari Ilon Mask, Amazon asoschisi Jyeff Bezos hamda Meta rahbari Mark Tsukerberg qatnashishi e’lon qilingandi. NBC news buni yoritarkan, milliarderlarga Prezident minbari yaxshi ko‘rinadigan alohida joy hozirlanayotgani ma’lum qilingandi. Lekin inauguratsiyada VIP mehmonlar ro‘yxati uzunroq. Kuchli uchlikdan tashqari, Open Ai – ya’ni, Open sun’iy intellekt kompaniyasi rahbari, boyligi 1,1 mlrd dollarga baholangan Sam Altman, Apple kompaniyasi boshqaruvi raisi va boyligi 2,2 mlrd dollarga baholangan – Tim Kuk, Las Vegasdagi Sands korporatsiyasi asoschisi marhum Sheldon Gari Adelsonning milliarder va boyligi 31,9 mlrd dollarga baholanadigan yahudiy xotini Miriam Adelson, Fox News telekanalining sobiq rahbari , boyligi 22,2 mlrd dollarga baholangan Rupert Merdoklar Kapitoliy ichkarisida ko‘rinish berishdi.
Xorijdan taklif qilingan boylar ham bor. Masalan, Fransiyaning eng boy odami, boyligi qariyb 180 mlrd dollarga baholangan Louis Vuitton rahbari Bernard Arno o‘g‘li bilan marosimga keldi. Hindistonning eng boy odami Mukesh Ambani ham inauguratsiyani o‘tkazib yubormagan. The New York Times yozishicha, Las Vegasdagi kazino rahbari hamda Trampning do‘sti Fil Ruffin Kapitoliyda ko‘rinish bergan. Tramp ma’muriyatida yuqori lavozimlar taklif qilingan Govard Lutnik va Vivek Ramasvamilar qasamyod marosimiga kelgan. Ularning umumiy boyligi 2,5 mlrd dollar.
Blumbergga ko‘ra, AQShdagi eng yirik kriptovaluta birjasi Coinbase rahbari Brayan Armstrong ham tadbirga taklif qilingandi. Ammo u ko‘rinish bermagan. Bundan tashqari, yana o‘nlab amerikalik milliarder va kibor oilalar Trampning inauguratsiyasiga chaqirilgan, ulardan aksariyati kelgan, kelmaganlari ham o‘nlab.
Yig‘ilgan boylar Trampni yaxshi ko‘radi, Donald ularning uzoq yillik do‘sti deb atashga ham shoshilmaslik kerak. Chunki Bezos va Tsukerberglar bilan ham Tramp yaqin tarixda qirqpichoq bo‘lgani haqiqat. Masalan, 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliy qamali vaqtidagi postlari uchun Tsukerberg Trampning sahifalarini Instagram va Facebook’da bloklab qo‘ygandi. 2024 yildagi saylov oldidan Tsukerberg va Tramplar Mara Lagoda ko‘rishib, biroz yarashgandek bo‘ldi. U Trampning do‘stini Meta kengashiga kiritdi.
Jyeff Bezosga kelsak, Tramp avvalgi prezidentligida uni yoqtirmasligini aytgandi. Xususan, Bezosga tegishli The Washington Post gazetasini Trampni tanqid qilgan. Bezos ham Trampni yoqtirmagan, lekin saylov oldidan Pensilvaniyadagi suiqasddan keyin uni maqtagan, inauguratsiya fondiga esa 1 mln dollar xayriya qildi. Ilon Mask esa Trampning eng yirik donorlaridan, u kamida 250 mln dollar pulini Trampga tikkan. Las-Vegasdagi Sands bosh direktorining men yuqorida tilga olgan yahudiy bevasi Miriam Adelson esa Tramp uchun 100 mln dollar pul yo‘naltirgan. Mehmonlar safida Pfizer, Tik Tok, Walmart, Uber rahbarlari bor. Misrosoft, Ford, Google rahbarlari ham Tramp inauguratsiya fondiga mablag‘ o‘tkazishgan. Oxir-oqibat Trampning inauguratsiya jamg‘armasi jami 170 million pul yig‘di, 2017 yilgi inauguratsiya oldidan u 107 million dollar mablag‘ jamg‘argandi.
Xullas, Bayden xalqiga o‘zining so‘nggi murojaatida aytganidek, AQSh hokimiyati tepasiga hamma milliarder-u oligarxlar to‘planmoqda. Birinchisi – Trampning o‘zi. 47-prezident atrofida ham xuddi o‘ziga o‘xshagan odamlar. Albatta, prezident ularning manfaati va foydasini yerda qoldirmaydi. Umuman olganda, respublikachilar nomzodining saylovdagi g‘alabasi AQShdagi konservatizm, biroz radikalizm va davlatni qaysidir ma’noda dunyodan yakkalash siyosatiga yo‘l ochmoqda. Ichkaridagi tanish-bilishchilik, nepotizm va do‘st-u yoronlarning siyosat davrasi esa avtoritar boshqaruvdagi davlatlar tegirmoniga suv quyadi. Vaholanki, saylov oldidan Trampni raqiblari siz milliarderlar prezidentisiz, degani ham haqiqatdir. Lekin noyabr oyidagi saylovdan 1 oy oldin aksariyat milliarderlar demokrat nomzod Harrisni qo‘llashi so‘rovnomalar orqali ma’lum bo‘lgandi.