Aleksandr Lukashenko Belarusda «ekstremizm» moddasi bo‘yicha qamalgan 23 kishini afv etdi. Bu haqda uning matbuot xizmatiga tegishli «Pul pervogo» kanali xabar berdi.
Afv etilgan siyosiy mahbuslar ismi oshkor etilmagan. Ma’lum qilinishicha, uch nafar ayol va 20 nafar erkak afv etilgan bo‘lib, ularning 14 nafarida surunkali kasalliklar mavjud.
Lukashenko matbuot xizmatining qayd etishicha, ularning barchasi «qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, kechirim so‘ragan».
So‘nggi oylarda Belarusda bir necha bor siyosiy mahbuslar ozod etildi. Xususan, 16 avgust kuni Lukashenko 30 nafar mahbusni afv etgan bo‘lsa, 4 sentabrda — 30 kishi, 16 sentabrda — 37 mahbus, noyabr boshlarida — 31 kishi, noyabr oxirlari va dekabrda esa jami 84 mahbus ozodlikka chiqdi.
2020 yil 9 avgust kungi prezidentlik saylovlaridan keyin Lukashenkoning g‘alabasi e’lon qilingach, Belarusda yarim yildan ortiq vaqt ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Muxolifat Lukashenkoning iste’fosini, siyosiy mahbuslar ozod etilishi va yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qildi. Norozilik aksiyalari kuchishlatar tuzilmalar tomonidan bostirilganidan keyin to‘xtagan va namoyishlarda ishtirok etgan ko‘plab fuqarolar hibsga olingan edi.