WSJ: Tramp inauguratsiyasining ertasi kunidan migrantlarga qarshi ommaviy reydlar boshlanadi

Jahon 16:13 / 18.01.2025 2899

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp administratsiyasi keyingi hafta noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish doirasida keng ko‘lamli reydlarni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal mazkur operatsiyadan xabardor to‘rt nafar manbasiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, reydlarning birinchisi Chikagoda amalga oshiriladi. U 21 yanvarda, Tramp inauguratsiyasining ertasi kunidan boshlanadi va bir hafta davom etadi. AQSh immigratsiya va bojxona politsiyasi operatsiyani o‘tkazishga 100-200 nafar xodimini jalb etadi.

Nashrning yozishicha, reydning maqsadi «jinoiy o‘tmishga ega mamlakatdagi noqonuniy migrantlarni aniqlashdan» iborat. Ular yo‘l harakati qoidalarini buzgan yoki Bayden ma’muriyati jinoiy javobgarlikka tortish uchun jiddiy emas deb hisoblagan boshqa huquqbuzarliklarni sodir etgan bo‘lishi mumkin.

2022 yil avgustdan beri 51 mingdan ziyod migrant kelgan Chikago ortidan reydlar Nyu York, Los-Anjyeles, Denver va Mayamida o‘tkazilishi mumkin.

Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida bir necha bor o‘zining asosiy vazifalaridan biri noqonuniy migrantlarga qarshi kurashish ekanini ta’kidlab, AQSh tarixidagi eng katta ommaviy deportatsiyani o‘tkazishga va’da bergan.

Donald Tramp 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasi boshidan buyon noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish niyatida ekanini aytib keladi. 2024 yil may oyida TIME jurnali bilan suhbatda u Qo‘shma Shtatlardagi noqonuniy migrantlar sonini 15-20 million kishi deb hisoblagan.

Ko‘proq yangiliklar: