Isroil hozirga qadar HAMASdan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv doirasida ozod etiladigan garovdagilar ro‘yxatini olgani yo‘q. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu ma’lum qildi.
«Biz kelishilganidek, ozod etilishi kerak bo‘lgan garovdagi shaxslarning ro‘yxatini qo‘lga kiritmas ekanmiz, reja bo‘yicha oldinga siljimaymiz. Isroil kelishuvning buzilishiga toqat qilmaydi. Barcha mas’uliyat HAMAS zimmasida», — deydi hukumat rahbari.
Kelishuvga ko‘ra, HAMAS ozod etiladigan garovdagi shaxslar ro‘yxatini 19 yanvar mahalliy vaqt bilan soat 16:00 ga rejalashtirilgan almashuvdan kamida 24 soat oldin taqdim etishi kerak edi. Avvalroq Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 19 yanvar soat 08:30dan kuchga kirishi aytilgandi.
Kelishuvning birinchi bosqichida HAMAS 33 nafar garovga olingan shaxsni ozod etishi kerak, Isroil esa qamoqxonalardan salkam 1,9 ming falastinlik mahbusni ozod etadi.
Avvalroq, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi HAMAS so‘nggi daqiqada Isroil bilan kelishuvdagi ba’zi bandlardan voz kechgani va shu orqali kelishuvga erishishga to‘sqinlik qilganini aytgandi. Isroil hukumatiga ko‘ra, HAMAS G‘azo sektorida 98 nafar isroillikni garovda ushlab turibdi.