Sud Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgani uchun hokimiyatdan chetlatilgan prezident Yun Sok Yolni rasman hibsga olish uchun order berdi, deb yozmoqda Yonhap agentligi.
Qayd etilishicha, Seul G‘arbiy okrug sudi orderni Yun isyon uyushtirgani va hokimiyatni suiiste’mol qilgani uchun bergan.
Tergovchilar endi Yun Sok Yolni 20 kungacha hibsda ushlay oladi, bunda uning 15 yanvar kuni Seuldagi qarorgohda ushlanganidan keyingi muddati ham hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi tegov boshqarmasi Yunni 10 kundan keyin prokuraturaga topshirishni rejalashtirmoqda. Shundan keyin prokuratura tergovni davom ettiradi va 20 kunlik muddat tugagunga qadar unga ayblov e’lon qiladi.
Yun Sok Yol 18 yanvar kuni o‘zining hibsga olinishi bo‘yicha o‘tkazilgan sud eshituviga tashrif buyurgan. U besh soatlik eshituv davomida 40 daqiqa so‘zga chiqqan, shuningdek, besh daqiqalik yakunlovchi nutqini ham gapirgan.
Yun harbiy holat joriy etishga uringani uchun hokimiyatdan chetlatildi
Janubiy Koreya parlamenti 14 dekabr kuni Yun Sok Yolni hokimiyatdan chetlatgan. Bunga davlat rahbari tomonidan 3 dekabr kuni siyosiy raqiblarga qarshi kurashish maqsadida e’lon qilingan harbiy holat sabab bo‘ldi. Yunning qarori jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi va parlament harbiy holatni tezda bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Bosh vazir Xan Dok Su dastlab prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Biroq 27 dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti Xanni ham hokimiyatdan chetlatish uchun ovoz berdi. Uning o‘rniga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxve San Mok prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosatining ustuvor yo‘nalishi barqarorlikni tiklash bo‘ladi.