Nigeriyada benzovoz portlashi oqibatida 70 ga yaqin inson halok bo‘ldi

Jahon 01:49 1393

Nigeriyaning Dikko tumanida benzovoz portlashi oqibatida qariyb 70 kishi halok bo‘ldi va ko‘plab insonlar jarohat oldi. Bu haqda mahalliy hukumat rasmiylariga tayanib, Associated Press xabar berdi.

«18 yanvar kuni Nigeriya markaziy qismida avtosisterna ag‘darilib ketdi. Oqibatda u portlab ketdi va benzinni ag‘darilgan benzovozdan boshqasiga o‘tkazishga uringan salkam 70 kishi halok bo‘ldi», — deyiladi Yo‘l harakati xavfsizligi milliy organi xabarida.

Federal yo‘l harakati xavfsizligi korpusi rahbari Kumar Sukvamning ma’lum qilishicha, 60 ming litr benzinni olib ketayotgan yuk mashinasi ertalab yo‘l-transport hodisasiga uchragan. «Qurbonlarning aksariyati tanib bo‘lmasa darajada kuyib ketgan. Biz hodisa sabablarini aniqlash maqsadida voqea joyidamiz», — deydi Sukvam.

Ta’kidlanishicha, Nigeriyada oxirgi 18 oy ichida benzin narxi besh baravarga qimmatlashgan, natijada, ko‘plab insonlar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, YTH vaqtida yonilg‘ini yig‘ishga kirishib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil oktyabr oyida Nigeriyada benzovoz portlashi oqibatida 181 kishi halok bo‘lgandi. Hodisadan keyin prezident Bola Ahmad Tinubu butun mamlakat bo‘ylab yonilg‘i tashish xavfsizligi protokollarini har tomonlama ko‘rib chiqishni talab qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: