Ko‘mir va mazutdan chiqayotgan zahar aylanib yuribdi – Toshkent shahri havosi ifloslanishiga tashxis

O‘zbekiston 18:05 / 18.01.2025 2843

16-17 yanvar kunlari poytaxt havosidan yana nafas olib bo‘lmay qoldi. Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalar ko‘mir, mazut yoqyapti va shamol ulardan chiqayotgan zaharli havoni shahar ichiga qarab haydayapti, deb izoh berdi Ekologiya vazirligi Kun.uz’ga. Bundan tashqari, shahar ichidagi xonadonlarda ham issiqxonalar bor. Bu esa poytaxt havosini yanayam ifloslayapti.

16-17 yanvar kunlari Toshkent shahri havosi iflosligi bo‘yicha dunyoda 2-o‘ringa chiqdi. Havo ifloslanishi nega tez-tez takrorlanayotgani va uni qanday yaxshilash mumkinligi haqida Kun.uz Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligidan izoh so‘radi. Toshkent shahrida atmosfera ifloslanishining asosiy sabablaridan biri issiqlik markazlari va issiqlik elektr stansiyasida ko‘mir va mazutdan foydalanish bo‘lib turibdi, deb izohladi vazirlikning atmosfera havosi muhofazasini ta’minlash bo‘limi bosh mutaxassisi Nozimbek Nosirov. Shu bilan birga, Toshkent shahri va viloyati chegarasida joylashgan issiqxonalarda ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish ifloslanish darajasini oshirib yuboryapti. Vazirlik kosmosdan kuzatganda, odamlar xonadonida ham issiqxonalar paydo bo‘lgani ko‘ringani, bu esa vaziyatni yana ham og‘irlashtirayotganini ma’lum qildi.

Asosiy ifloslanish Toshkent halqa avtomobil yo‘li atrofida bo‘lganini ko‘rish mumkin. IQAir platformasiga qaralsa, kunning eng ifloslangan vaqtida shamol yo‘nalishi viloyat hududidan Toshkent shahriga qarab esgan. Shamol harakati shahardan tashqariga esgan kunlari ifloslanish darajasi ham pasayadi. Agar kuzatilayotgan shamolning oqimi tez bo‘lsa, bu bevosita yer sirtidagi mayda dispers zarrachalarning atmosfera havosiga ko‘tarilishiga olib keladi va bu yuqori ifloslanishga sabab bo‘ladi”, – deb tushuntirdi vazirlik mutaxassisi.

Kun.uz muxbiri shamol oqimiga qarab havo ifloslanishi haqida aholini erta ogohlantirish tizimi bor-yo‘qligini so‘radi. Vazirlik vakili bunday ma’lumot berilmasligi, O‘zgidromet faqat noqulay ob-havo sharoitlari haqida ogohlantirish berib borishini aytdi.

Shuningdek, Nosirov kuz-qish mavsumida tashkilotlar va issiqxonalar to‘liq quvvatda ishlashni davom ettirgani uchun havo ilisa ham ulardan chiqadigan zahar kamayib qolmasligini qo‘shimcha qildi.

Xaritadagi qizil nuqtalarda, ya’ni katta halqa avtomobil yo‘lining Hasanboy, Uch qahramon tomonlarida issiqxona joylashgan hududlarda havo ifloslanishi ham yuqori bo‘ladi. Sariq belgilar bilan shahar atrofidagi issiqxonalar ko‘rsatilgan. U deyarli to‘liq ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanadi”, – dedi mas’ul.

Vazirlik vakili vaziyatni yaxshilash bo‘yicha sentabr oyida e’lon qilingan prezident qaroridagi ayrim bandlarni esladi. Qarorda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I toifasiga mansub bo‘lgan sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalarini 2025 yilning noyabr oyigacha o‘rnatish belgilangan. Ko‘mir bilan ishlaydigan issiqxonalarda samaradorligi kamida 99,5 foiz bo‘lgan sertifikatlangan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish uchun esa 2025 yilning oktyabrigacha muddat qo‘yilgan.

Kun.uz muxbirining belgilangan muddatgacha issiqxonalar filtr o‘rnatishga ulguradimi degan savoliga javoban vazirlik vakili uskunalarni xarid qilish ishlari boshlangani, bu bo‘yicha monitoring natijalari bilan 2025 yilning har choragida ma’lumot berib borilishini bildirdi.

Mas’ul shahar havosi ifloslanishida transport vositalarining ham ulushi kam emasligini aytdi. “Hozir shaharda ro‘yxatdan o‘tgan 700 mingdan ortiq avtotransport vositalari bo‘lsa, viloyatlardan yana 300 ming mashina kirib keladi. Bu esa ma’lum hududlarda ifloslanish ortishiga sabab bo‘ladi”, – dedi u.

Vazirlik vakili muammoning kompleks yechimi sifatida Transport, Energetika, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirliklari bilan hamkorlikda ishlanayotganini aytib, jamoat transportiga ko‘proq ulush berish, elektromobillarga o‘tish harakatlari ham muammoni yengillatishiga umid bildirdi.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz

Tasvirchi – Boymirza Halilov

Ko‘proq yangiliklar: