Shimoliy Koreya aprel oyi o‘rtalariga qadar Kursk oblastida Rossiya tomonidagi janglarda butun harbiy kontingentini yo‘qotishi mumkin, deb xabar berdi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) 16 yanvar, payshanba kuni Ukraina va Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga tayanib.
Janubiy Koreya va Pentagon razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan oktyabr oyida Kursk oblastiga 10-12 ming askar yuborgan va bir oy o‘tib ular Ukraina Qurolli kuchlari bilan ilk janglarini boshlagan. Yanvar oyi boshiga kelib, Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning 300 askari halok bo‘lgan, yana 2700 nafari yaralangan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bundan ham ko‘proq — 3800 askar halok bo‘lgani yoki yaralanganini bildirdi. Shunday qilib, ISW tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, shimoliy koreyaliklar kuniga 92 kishini yo‘qotishi mumkin. Bu butun guruh yana 12 haftaga yetishini anglatadi. Yaralangan Shimoliy Koreya askarlarining frontga qaytish-qaytmasligi noma’lum.
Yuqori yo‘qotishlar sabablari
Janubiy Koreya razvedkasi KXDR harbiylarining katta yo‘qotishlarini «zamonaviy urush usullarini tushunmaslik», shuningdek, Kursk oblastida Shimoliy Koreya askarlariga asirga tushish tahdidi bo‘lsa, o‘z joniga qasd qilishga buyruq berilgani bilan izohladi. 11 yanvar kuni Zelenskiy Ukraina harbiylari KXDRning birinchi askarlarini tiriklayin qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng Ukraina prezidenti KXDR yetakchisi Kim Chen Inga harbiy asirlarni Rossiya asirligida saqlanayotgan Ukraina Qurolli kuchlari askarlariga almashtirishni taklif qildi. «Shimoliy Koreyadan qaytishni istamagan askarlar uchun boshqa yo‘llar ham bo‘lishi mumkin. Xususan, bu urush haqidagi haqiqatni koreys tilida tarqatish orqali tinchlikni yaqinlashtirish istagini bildirgan koreyslar shunday imkoniyatga ega bo‘ladilar», — deydi Zelenskiy.