Alohida dori vositalarini klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi belgilandi

O‘zbekiston 15:13 433

«Alohida dori vositalarini klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga ko‘ra, dori vositalarini klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasining Farmakologiya qo‘mitasi tavsiyasiga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan doimiy faoliyat olib boruvchi Ekspertlar kengashi tomonidan qabul qilinadi.

Dori vositalarini klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasini berish hukumat qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Quyidagi dori vositalari klinik tadqiqotlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi, jumladan:

  • «Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP» talablariga muvofiqligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish talab etilmaydigan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari;
  • mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan xavfsizligi va samaradorligi referens preparatdan qolishmasligi klinik oldi tadqiqotlarida isbotlangan jyenerik dori vositalari va galen preparatlari;
  • bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqilgan, tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalari.

Avvalroq tibbiyot xodimlari faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi joriy etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 2025 yil 1 iyulga qadar tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faoliyatini bosqichma-bosqich davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini aniq mexanizmlarni nazarda tutgan holda joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritadi.

Ko‘proq yangiliklar: