«Yuve» «Milan»ga qarshi, Emeri «Arsenal»ni to‘xtatmoqchi, «MYu» uchun jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 14:53 1424

Kuchli beshlikda kichik tanaffuslar, turli darajadagi kubok va superkubok o‘yinlaridan so‘ng, asosiy turnir – chempionatlar uchun qizg‘in palla boshlanmoqda. «Yuventus»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga «Milan» chek qo‘ya oladimi? Emeri yana «Arsenal»ni chalib qolishga qodirmi? «Manchester Yunayted» APL ushbu mavsumida qatorasiga ikki g‘alabaga erishishni nihoyat eplay oladimi? Konte peshqadamlikni mustahkamlay oladimi? Ushbu dam olish kunlaridagi o‘yinlarni tomosha qilib juda ko‘p savollarga javob topish mumkin.

YuVeNTUS – MILAN (18 yanvar, 22:00)

«Yuventus» so‘nggi A Seriyadagi so‘nggi uch o‘yinini ham durang bilan yakunladi va chempionatdagi duranglar sonini 13 taga yetkazdi. Kuchli beshlikda «PSJ» bilan birgalikda haligacha mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan turinliklar chempionlik kurashi tugul, hatto kuchli to‘rtlikda ham emaslar. Hammasi shu duranglar sababli. Bunday muammo qaysidir ma’noda «Milan»da ham bor. Milanliklar barcha musobaqalarda 8 o‘yindani beri mag‘lubiyatga uchramay kelayotgan bo‘lishsa-da, keraksiz duranglar ham ko‘payib ketyapti. Jumladan, «Jyenoa», «Roma» va «Kalyari» bilan o‘z maydonidagi duranglar, albatta, muxlislar tomonidan kutilmagandi.

Yaxshi gaplar ham bor. «Roma» bilan o‘yinda Fonseka hakam tomonidan maydondan chetlatilgach, o‘sha qizil kartochka murabbiyni nafaqat o‘yindan, butunlay «Milan»dan chetlatgan bo‘lib chiqdi. Serjiu Konseysau yangi murabbiy etib tayinlangach esa «Milan» kutilmaganda mamlakat superkubogini qo‘lga kiritdi. Ushbu musobaqa yarimfinalida aynan «Yuventus» ustidan irodali g‘alaba qozonilganini ham ta’kidlash kerak. Qizig‘i, Konseysau qo‘l ostida milanliklar 3 ta g‘alabaga erishgan bo‘lsa, uchalasi ham hisobda orqada bo‘lib turib qo‘lga kiritildi. Irodani namoyish qilish yaxshi, ammo boshqa tomondan bu holatga ijobiy baho berib ham bo‘lmaydi. Demak hali o‘yinlarga tayyorgarlik, taktika borasida jamoa to‘liq o‘zgarmagan, shunchaki Konseysauning xarizmasi, shogirdlarini emotsional tomondan to‘g‘ri yo‘naltira olayotgani, so‘nggi daqiqalargacha kurashish, o‘ziga ishonch katta ekani sababli yakunda burilish yasay olishmoqda. Bundan kelib chiqsak, navbatdagi o‘yin ham «Milan»ning bugungi holati, balki kelajagi haqida ham ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishimiz uchun zamin yaratadi.

O‘zaro o‘yinlarga qarasak, qiziq faktlar o‘rtaga chiqadi. Masalan, «Yuventus» besh o‘yindan beri o‘z maydonida «Milan»ni yuta olmay kelmoqda. 2019 yilda «Yuventus» Dibalaning goli yordamida «Milan»ni 1:0 hisobida mag‘lub etganida, bu mezbonlar uchun azaliy raqibi ustidan qatorasiga to‘qqizinchi g‘alabasi edi. Ammo shundan so‘ng ustunlik qizil-qoralar tomoniga o‘tdi. Turinda «Yuventus» yuta olmay kelyapti. To‘g‘ri, shu oraliqda Milanda kechgan o‘yinlarda ikki marta «Yuventus» g‘alaba qozonganini ham aytib o‘tish kerak.

Tarkiblarga kelsak, afsuski Chiko Konseysauning jarohati yana bir yaxshi intrigadan mahrum qiladi. Uning «Yuventus» tarkibida otasining jamoasiga qarshi qanday o‘yin ko‘rsatishi chindan ham juda qiziq bo‘lardi. Mezbonlar tarkibida boshqa yo‘qotishlar yo‘q, zero Milik, Bremer kabi futbolchilar mavsum oxirigacha o‘ynay olmasliklari ma’lum. Mehmonlar safida yo‘qotishlar ko‘proq – Pulishich, Florensi, Chukveze, Loftus Chik kabi futbolchilar sheriklariga yordam bera olishmaydi. Alvaro Morata esa «Komo»ga qarshi o‘yinda sariq kartochka oldi va bu futbolchining diskvalifikatsiyasiga sabab bo‘ladigan so‘nggi ogohlantirish edi.

ARSeNAL – ASTON VILLA (18 yanvar, 22:30)

Foto: Getty Images

Aytish mumkinki, «Arsenal» uchun yangi yil yaxshi boshlanmadi. Avvaliga Liga kubogi yarimfinalidagi birinchi o‘yinida o‘z maydonida «Nyukasl»ga 0:2 hisobida, keyin Angliya kubogida «MYu»dan penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lishgach, jamoaning ushbu mavsumda ham sovrin yutish imkoniyati keskin pasayib ketdi. Oldinda faqat «Arsenal» o‘z tarixida yutmagan Chempionlar Ligasi, hamda ancha oldinlab ketgan «Liverpul»i bo‘lgan APL qoldi xolos. Albatta, o‘zining beshinchi to‘laqonli mavsumida Artetaga bosim oshib borayotgani, endi shunchaki sovrinlar uchun kurash emas, muxlislarga g‘alaba ham kerakligini tushunish kerak. Buning ustiga peshqadam «Liverpul» ekani ko‘proq alam qiladi. Chunki «Manchester Siti»ning gegemonligi tushunarli, «Arsenal» kamroq imkoniyatlar va tarkib bilan Gvardiola jamoasidan ustun bo‘lishi qiyinroq va hamma uchun tushunarli bo‘lardi. Ammo kamroq pul sarflagan, murabbiyini o‘zgartirgan va yozda birorta ham futbolchi sotib olmagan «Liverpul» chempionlikni ilib ketsa, Artetaga savollar ko‘payib ketishi shubhasiz.

Yana bir achinarli holat Gabriyel Jyezusning jarohatidir. Saka jarohat olgach, braziliyalik hujumchi «Arsenal» oldingi chizig‘ida yetishmayotgan tezkorlik va faollikni bera olgan va besh o‘yinda 6 gol urib, aynan kerakli vaqtda yuqori sport formasini namoyish qilayotgandi. Martinelli, Xavers, Edegor kabi futbolchilar ko‘proq ochiq to‘plarda samarali, Jyezus esa yakkakurashlarda va pressingdagi faolligi tufayli raqiblarga noqulaylik tug‘dira olayotgandi. «MYu»ga qarshi o‘yinda Jyezus jarohat oldi va mavsum oxirigacha safga qayta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Arteta vaziyatni o‘nglash maqsadida klub transfer bozoriga chiqishi mumkinligini ham yashirmadi. Tilga olingan Saka va Jyezusdan tashqari, mezbonlar tarkibida Nvaniyeri, Uayt va Kalafiorilar ham maydonga tusha olmaydilar. «Aston Villa» safida esa Pau Torres va Jon Makginlarda kichik jarohatlar bor.

Faqat yomon tomonlarni aytdik, ammo faqat APL nazarda tutilganda, chempionlik poygasida aksincha, oxirgi turda «Arsenal»da yana poygada yaqinlashish uchun imkoniyat paydo bo‘ldi. «Liverpul» qatorasiga «MYu» va «Nottinghem» bilan durang o‘ynadi, «Arsenal» esa shimoliy London derbisida «Tottenhem»dan uch ochko olishga erishdi. Ayni paytda yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha oradagi farq 4 ochkoga aylangani «Arsenal»ga umid beradi. «Liverpul» bu turda qiyin Brentfordga safar qilishini inobatga olsak bu farq yanada qisqarishi mumkin. Hozir shunday pallaki, «Arsenal» umuman ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q va peshqadamga bosim qilishda davom etish lozim. Agar shu pallada «Arsenal» ham ochko yo‘qotishni boshlasa, «Liverpul»ga xotirjamlik qaytadi va fevraldan keyin farqni qisqartirish nihoyatda mushkul vazifaga aylanadi.

Raqibga keladigan bo‘lsak, «Aston Villa» so‘nggi yillarda, xususan Emeri boshqaruviga o‘tgandan keyin «Arsenal» uchun eng noqulay raqiblardan biriga aylanib qolgan. Emeri va Artatening ilk duelida birminhemliklar avval hisobda oldinda borgan, keyin so‘nggi daqiqalargacha durangni saqlab turgan, ammo hakam tomonidan qo‘shilgan daqiqalardagina «Arsenal» ikki gol urib, 4:2 hisobida g‘alabaga erishgandi. Ammo o‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda ham «Aston Villa» birorta ham gol o‘tkazmay g‘alaba qozondi. Ayniqsa, aprel oyida Londonda bo‘lib o‘tgan o‘yin mezbonlarning esidan chiqmasa kerak. Aynan o‘sha o‘yindagi 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat amalda «Arsenal»ning chempionlik imkoniyatlarini keskin tushirib yuborgandi.

ATALANTA – NAPOLI (19 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45)

Qatorasiga besh o‘yindagi g‘alabasidan so‘ng «Napoli» birinchi o‘ringa qaytdi. Bu orada uzoq vaqt g‘alabali seriya qayd etgan «Atalanta» A Seriyadagi oxirgi uch o‘yinini durang bilan yakunlagan bo‘lsa, Superkubok uchun bahslarda «Milan»ga yutqazdi. Mana shu yerda Konte jamoasining nega Italiya chempionligi uchun ko‘proq favorit ekani anglashilsa kerak.

«Napoli» yangi murabbiy Antonio Konte uchun juda qulay rejimda. Sababi, jamoa o‘tgan yili Italiyada juda pastki o‘rinlarni oldi va hech qanday yevrokuboklarda qatnashmaydi. Biz bilamizki, Konte futboli ijrochilardan ko‘proq yugurish, jismoniy harakatlar talab qiladi. Har uch kunda o‘ynalganda esa, birinchidan futbolchilar bu yuklama uchun charchab qolishadi, ikkinchidan jarohatlar ko‘payib ketadi. «Napoli» Italiyada yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalar ichida boshqa frontda kurash olib bormayotgan yagona jamoadir. Hatto Italiya kubogidan ham «Latsio»dan yutqazib, chiqib ketdi. «Atalanta»ning Chempionlar Ligasida va Italiya superkubogida ishtirok etganini e’tiborga olsak, bugungacha «Napoli»dan 8 o‘yin ko‘p o‘ynagan. Bu degani sakkiz hafta turlar orasida qo‘shimcha o‘yinlarda maydonga tushildi, deyilganidir. Tabiiyki, bu chempionlik poygasida noqulaylik tug‘diradi va bunday ustunlikdan foydalanishda Antonio Kontening oldiga tushadigani yo‘q.

Bunday rejim «Napoli» foydasiga ishlayotganini tarkibda jarohatlanganlar umuman yo‘qligi bilan ham sezish mumkin. Yagona yo‘qotish Xvichaning «PSJ»ga transfer qilinganidir. Albatta, oxirgi o‘yinlarda gruziyalik futbolchi maydonga tushmayotgandi, ammo «Napoli « hali uning o‘rniga futbolchi sotib olmaganini ham ta’kidlash kerak. «Atalanta» tarkibida esa Kuadrado, Kossunu va Skamakkada jarohatlar bor. Kolashinats esa sariq kartochkalari soni diskvalifikatsiya uchun yetib qolgani tufayli ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, so‘nggi yillarda mutlaqo tenglikni ko‘rish mumkin. So‘nggi 30 o‘yinni olsak, «Atalanta» ham, «Napoli»da ham 13 tadan g‘alaba bor. To‘rt o‘yin durang bilan tugagan. Lekin oxirgi ikki o‘yinda «Atalanta» Neapolda g‘alaba qozonganini ham ta’kidlash kerak. Har ikki o‘yinda mehmonlar yirik – 0:3 hisobini qayd etgan. Ammo yana bir qiziq tarafi, Bergamodagi o‘yinlarda ham mehmonlar uchun ijobiy an’ana ham bor – «Napoli» «Atalanta» maydonida oxirgi uch o‘yinni o‘z foydasiga hal qilib kelmoqda. Ayni paytda jamoalar o‘rtasidagi farq 4 ochkoni tashkil qilmoqda, demak agar «Atalanta» ustun keladigan bo‘lsa oradagi farq minimalgacha qisqaradi. Bu esa yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Napoli» bilan teng ko‘rsatkichda bo‘lgan «Inter» uchun ayni muddao bo‘lardi.

MANCheSTeR YuNAYTeD – BRAYTON (19 yanvar, 19:00)

Foto: Getty Images

«Manchester Yunayted» eng qiyin raqiblarga qarshi safar o‘yinlarida imtihondan yaxshi o‘tgach, ya’ni «Enfild»da ochko olib, «Emireyts»da «Arsenal»ni kubokdan chiqarib yuborgach, nihoyat Amorim jamoasi o‘z yo‘lini topgani haqida e’tiroflar ko‘payib ketgandi. «Sauthempton» bilan o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Ruben Amorim bu holatga to‘g‘ri yondashdi – «kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarda vazifamiz osonroq edi, biz o‘z imkoniyatimizni kutdik xolos, aslida haqiqiy kuchimiz keyingi o‘yinlarda, bizdan hamma g‘alaba kutayotgan pallada ko‘rinadi» – dedi portugaliyalik murabbiy. Bu aslida juda to‘g‘ri baho bo‘lganini «Old Trafford»dagi autsayderga qarshi o‘yin ko‘rsatib ham berdi. Mehmonlar o‘yinning katta qismida yaqqol ustunlik qilishdi, ko‘p vaziyatlar yaratib, hisobda oldinda ham borishgandi. Faqat tarkibdagi ba’zi o‘zgarishlar va albatta, Amad Dialloning qahramonligi yakunda «MYu»ga qimmatli g‘alabani olib keldi xolos. Bu jamoaning oxirgi yetti o‘yindagi ilk g‘alabasi bo‘lganini ham ta’kidlash kerak.

Demak o‘sha o‘yindan keyin xavotirlar hech qayerga ketmagani aniqlashdi. «Brayton» o‘yin shakli va ijrochilar borasida «Sauthempton»dan ancha kuchli bo‘lgan raqib hisoblanadi. Xo‘sh, Amorim avvalgi o‘yindan kelib chiqib, yana himoyaviyroq variantni tanlaydimi yoki o‘zi ta’kidlaganidek, qiyinchilik tug‘dirayotgan yuqori pressingdan voz kechmaydimi? Bir qator jarohatlangan futbolchilar qaytgach, «Brayton» ancha ishonchli o‘ynayapti. Jamoa olti o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q, oxirgi ikki o‘yinda gol o‘tkazmay g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Undan oldin safarda «Aston Villa» bilan, o‘z uyida «Arsenal» bilan durangga erishilgani «Brayton» oson raqib bo‘lmasligidan dalolat beradi. Ayniqsa, «Arsenal» bilan o‘yinda jamoa ancha ishonchli va tashabbuskor o‘yin ko‘rsatgandi.

Aynan «Brayton» kabi raqiblar, ayniqsa o‘yin «Old Trafford»da bo‘lsa, Amorim uchun eng noqulay hisoblanadi. Sababi, murabbiyning o‘zi tan olganidek, ayni paytda jamoada to‘pni nazorat qilish va pressing bo‘yicha muammolar mavjud. «Arsenal» yoki «Liverpul»ga qarshi o‘yinlarda «MYu» to‘pni nazorat qilishga ham, pressingga ham majbur emas, himoyaviy uslub hech kim tomonidan tanqid ostiga ham olinmaydi. Futbolchilarning ongostida ham jamoa to‘g‘ri o‘ynayotgandek tasavvur bo‘ladi va o‘z vazifasini to‘g‘ri bajarishga asos bo‘ladi. «Brayton» bilan o‘z maydonida o‘ynaganda esa jamoadan faqat g‘alaba kutishgani tufayli, futbolchilar oldinga borishga, to‘pga egalik qilish uchun kurashishga majbur. Bu pallada esa raqib jazolaydi, «MYu»ning kamchiliklari o‘rtaga chiqa boshlaydi. Avvalroq «Nyukasl», «Nottingem» va «Bornmut» kabi o‘ziga yarasha tartibli va shakllangan futboliga ega bo‘lgan jamoalarning «Old Trafford»da g‘alaba qozonishi zamirida aynan shu narsa yotgan bo‘lsa ajab emas. «Sauthempton»ki shu darajada o‘yin ko‘rsatib, g‘alabaga yaqin keldi, «Brayton»dan har narsani kutish mumkin. Buning ustiga «Brayton» an’anaviy ravishda «Old Trafford»da o‘zini yaxshi his qilishini, o‘tgan ikki o‘yinida g‘alaba qozonib ketganini ham unutmaslik kerak. Umuman ten Hag uchun «Brayton» eng noqulay raqib bo‘lgandi – o‘tgan besh o‘yinning to‘rttasida «MYu»ni mag‘lub etgan.

Jarohatlarga kelsak, mezbonlar safida Shou mashg‘ulotlarga qayta boshlagan bo‘lsa-da, o‘ynashga tayyor emas. Maunt, Evans va Lindeloflar ham maydonga tusha olishmaydi. «Brayton»da Fergyuson, Kadio‘g‘li, Milner, Uiffer va Igorlar sheriklariga yordam bera olishmaydi. Ammo aytish kerakki, har ikki tomondan sanalgan barcha futbolchilar yetakchi yoki asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas vakili sanalishmaydi. Ya’ni har ikki murabbiyda o‘zining eng kuchli tarkibini tushirish imkoniyati bor.

BOShQA O‘YINLAR

18 yanvar. NYuKASL – Bornmut (17:30), BAVARIYa – Volfsburg (19:30), Brentford – LIVeRPUL (20:00), Leganes – ATLeTIKO (20:15), Lans – PSJ (21:30), BAYYeR – Borussiya M (22:30), XeTAFe – Barselona (19 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00)

19 yanvar. Everton – TOTTeNHEM (19:00), ReAL – Las Palmas (20:15), Ipsvich – MANCheSTeR SITI (21:30), Inter – Empoli (20 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45)

20 yanvar. CheLSI – Vulverhempton (21 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00) 

Ko‘proq yangiliklar: