AQSh razvedkasi sobiq xodimi Isroilning Eronga hujumiga oid maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilganini tan oldi

Jahon 18:18 / 18.01.2025 2916

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) sobiq xodimi Asif Rahmon Isroil harbiylarining Eronga qarshi hujumiga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risidagi o‘ta maxfiy ma’lumotlarni sizdirgani bo‘yicha o‘z aybini tan oldi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Noyabr oyida AQSh hukumati Rahmonga Isroilning Tehronga raketa hujumlarini amalga oshirmoqchiligi to‘g‘risidagi maxfiy hujjatlarni oshkor etgani bo‘yicha ayblov e’lon qilgandi.

«Rahmon AQSh okrug sudida milliy mudofaa ma’lumotlarini oshkor etishga oid ikkita holat bo‘yicha aybiga iqror bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Hukm 15 may kuni chiqariladi. MRBning sobiq xodimi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Pentagonning Isroilni Eronga uyushtiradigan hujumiga oid rejalari to‘g‘risida o‘ta maxfiy ma’lumotlari oktyabr oyida sizib chiqqandi. Hujjatlarda Isroil Mudofaa kuchlari hujum doirasida foydalanishi mumkin bo‘lgan samolyot va snaryadlar turlari haqida so‘z boradi. Hisobotlarning birida ta’kidlanishicha, AQSh Isroil hujum vaqtida yadroviy quroldan foydalanishni rejalashtirayotgani bo‘yicha hech qanday belgini ko‘rmagan.

Avvalroq amerikalik 22 yoshli harbiy IT-mutaxassis Jyek Teysheyra o‘z mamlakatining milliy mudofaasiga oid maxfiy ma’lumotlarni, jumladan, Ukrainadagi urushga oid maxfiy harbiy hujjatlarni oshkor qilgani uchun 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: