Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevroittifoq yetakchilari Pashinyanni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi
Yevropa Ittifoqi Armanistonda tashqi aralashuv va gibrid hujumlar xavotiri fonida mustaqil ommaviy axborot vositalarini mustahkamlash uchun 1,5 million yevro ajratilishini e’lon qildi. Yevropa Ittifoqi rahbarlari, shuningdek, vizani liberallashtirish yo‘lidagi taraqqiyotni qayd etdi.

Foto: SIERAKOWSKI FREDERIC/European Union
Bryusselda Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi.
Yevropa Ittifoqi yetakchilari Armaniston bilan viza rejimini liberallashtirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni qayd etib, yaqinda qabul qilingan «Yevropa integratsiya jarayonini boshlash to‘g‘risida»gi qonunni olqishladi.
Uchrashuvning muhim mavzularidan biri xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlik bo‘ldi, deb xabar qildi Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi matbuot xizmatlari. YeI yetakchilari Pashinyanga Armanistonning bu sohadagi ehtiyojlarini baholash va YeIning mavjud vositalaridan foydalanish uchun birgalikda ishlashni taklif qildi.
Muhokama qilingan tahdidlar qatoriga axborotni xorijdan manipulyatsiya qilish, aralashuv va dezinformatsiya kirdi. Shu munosabat bilan YeI Armanistonda mustaqil ommaviy axborot vositalarini mustahkamlash uchun 1,5 million yevro ajratilishini e’lon qildi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi rahbarlari Armanistonning barqarorligi va uzoq muddatli rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qat’iy sodiqligini hamda unga moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish niyatini tasdiqladi. Ular Yevropa Ittifoqining Global Gateway transport va kommunikatsiya strategiyasi doirasida Armanistonga investitsiyalar 2,5 milliard yevroga yetishini ta’kidladi. Bundan tashqari, 2024 yil aprel oyida e’lon qilingan 270 million yevrolik "Chidamlilik va o‘sish" rejasi Yevropa Ittifoqining Armaniston uchun mablag‘larini 50 foizga oshirdi. Bu mablag‘ning 200 million yevrosi grantlar, 70 million yevrosi esa mamlakatning energetika, transport va biznes sohalariga sarmoya jalb etish uchun grantdir.
Yevropa Ittifoqi yetakchilari, shuningdek, Armanistonni Yevropa Ittifoqining Qora dengiz strategiyasi kabi mintaqaviy va iqtisodiy tashabbuslariga qo‘shish imkoniyatini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Koshta va fon der Lyayyen Pashinyanga sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar uchun minnatdorchilik bildirdi va bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Mavzuga oid

09:54 / 26.07.2025
YeI va Xitoy iqlim bo‘yicha yaqinroq hamkorlik qilmoqchi

07:31 / 26.07.2025
YeI-Xitoy sammiti: Bryussel Pekinni Rossiyaga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi

09:54 / 23.07.2025
Yerevan Boku bilan YeXHT Minsk guruhini tarqatib yuborish shartini muhokama qilmoqda

23:12 / 21.07.2025